Virus va bakteriyali infeksiyalarning oldini olishda kuchli to‘rtlik

Sut va sut mahsulotlari

Sut va sut mahsulotlari tarkibida foydali bakteriyalar mavjud. Sut immunitetni saqlash uchun muhim oziq moddalar, ovqat hazm qilish fermentlari, sog‘lom yog‘lar va oqsillar manbai. Tabiiy yogurt va boshqa fermentlardan tayyorlangan sut mahsulotlari butun oshqozon-ichak traktini oziqlantiradi.

Tuzlamalar

Kuz boshlanishi bilan ko‘plab uy bekalari karam tuzlamalar tayyorlashni boshlaydilar. Tuzlangan karam boshqa ko‘plab fermentlangan mahsulotlar kabi mazali va juda foydali.

Tuzlangan bodring, pomidor va zaytun tarkibidagi zararsiz bakteriyalar ichak immunitet tizimiga juda foydali ta’sir ko‘rsatadi, patogen mikroorganizmlarga qarshi himoyada juda faol. Shuningdek, antikorlar ishlab chiqarishga yordam beradi.

Albatta, tuzlamalar haddan ortiq sho‘r bo‘lmasligini nazoratga oling.

Sarimsoq

Sarimsoq inson salomatligi, immun tizimi faoliyati uchun juda foydali. Immunitet tizimini mustahkamlash uchun har kuni sarimsoq iste’mol qilishni tavsiya etamiz.

Dori vositalariga chidamli virus va bakteriyalar bu tabiiy dori vositasiga kelganda qarshi tura olishmaydi. Immun tizimining optimal ishlashini ta’minlash uchun yangi sarimsoq iste’mol qilish zarur. Yangi ezilgan sarimsoqdan allitsin moddasi ajralib chiqadi va bir soat ichida foydalilik xususiyatini yo‘qotadi. Shu sababli ham shifobaxsh deya sotilayotgan turli bozorgir oziq-ovqat qo‘shimchalari tarkibidagi sarimsoqning foydasi haqida shifokor bilan maslahatlashish zarur.

Zaytun moyi qo‘shib tayyorlangan yap-yangi sabzavot va ko‘katli salatlar tarkibidagi ezilgan sarimsoq iste’moli esa ayni muddao. Sarimsoqdagi allitsin antikanserogen xususiyatga ega. U qondagi umumiy xolesterin va past zichlikdagi lipoproteinlar ("yomon" xolesterin) darajasini pasaytiradi. Qon bosimini pasaytiradi. Bugungi kunga kelib o‘rta yosh vakillariga ham sezilarli xavf tug‘dirayotgan qontomir kasalliklarining oldini olishga xizmat qiladi.

Jigar

Jigar, buyrak, yurak va shu kabi boshqa qo‘shimcha go‘sht mahsulotlaridan tayyorlangan oziq-ovqatlar iste’moli garchi ba’zilarni ikkilantirsa ham, immunitet tizimini qo‘llab-quvvatlaydigan ozuqa moddalarining juda yuqori miqdori bilan ajralib turadi.

Chala pishirilgan jigar mazasiga hushingiz bo‘lmasa, uni yangicha retsept yordamida pishirishni tavsiya qilamiz.