Bayram munosabati bilan qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan 80 ga yaqin ob’yekt foydalanishga topshiriladi

Ob’yektlarning 48 tasi yangidan qurilgan bo‘lsa, 29 tasi rekonctruksiya qilingan.

Birgina Payariq tumanida 15 ta ob’yekt foydalanishga topshirilmoqda. Shuningdek, ayyom kunlari yangi 4 ta mahalla binosi, 1 ta maktab, 3 ta tibbiyot muassasasi, 2 ta kasb-hunarga o‘qitish maskani, 1 ta aholi dam olish maskani, 4 ta maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo hamda 2 ta ishlab chiqarish ob’yektlari, 32 ta boshqa bino-ob’yektlar rasman ochiladi.

Urgut va Toyloq tumanlarida ko‘p qavatli uylar barpo etilgan. Ularning egalari bayramni yangi xonadonda kutib olishadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toyloq tumani Bog‘ichinor mahallasidagi 7 qavat (3 ta pod’yezd)li uyga 63 ta oila ko‘chib kiradi.

Bulung‘ur tumani "Yangi O‘zbekiston” massivida qurilayotgan 7 ta ko‘p qavatli uy-joy kalitlari ham bugun-erta o‘z egalariga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

Urgut tumani Kamardon mahallasida "Abduqahhor" jome masjidi ham bayram kunlarida foydalanishga topshiriladigan ob’yektlar qatorida qayd qilingan.

SamDU Kattaqo‘rg‘on filialida 500 o‘rinli talabalar yotoqxonasi o‘quv yilining ilk kunlaridan ish boshlashi ko‘zda tutilyapti.

Bayram kunlari Qo‘shrabot tumanida boshqa ob’yektlari qatori Milliy gvardiya binosi ham foydalanishga topshiriladi.

Narpay tumanidagi “Humo agro platinum” mas’uliyati cheklangan jamiyatining unni qayta ishlash zavodi ishga tushirilayotgan aholi uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘lishi shubhasiz. Shodiyona damlarda tumanda yana bir ob’yekt - “Doktor Usmonov kilinikasi” MChJ xususiy kilinikasi faoliyat boshlaydi.

Aholi uchun eng ko‘p va katta bayram sovg‘alari Past Darg‘om tumanida bo‘lishi kutilyapti. Chunki bu yerda ertaga “Ayisha Ar” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona negizida “Parrandachilik, issiqxona va baliqchilik xo‘jaligini tashkil etish” loyihasi ish boshlaydi.

Bundan tashqari, qurilish mollari savdo kompleksi, maishiy texnika savdo markazi va "Keldiyor ota" choyxonasining ochilishi rejalashtirilgan.

Kun davomida yangi qiyofa kasb etgan Go‘zalkent mahallasi, "Fortuna Urgut Medical” mas’uliyati cheklangan jamiyat negizida tibbiy buyumlar va dori vositalari ishlab chiqarish loyihasi rasman ochiladi.