Belgorodda dron aeroporti panjarasiga urilib portladi

Baza, Astra va SHOT telegram-kanallari Rossiyaning Belgorod aeroporti to‘sig‘iga portlovchi moslama o‘rnatilgan uchuv qurilmasi qulagani haqida xabar bermoqda.

Astra xabariga ko‘ra, dron 10 aprel kuni soat 16:30 atrofida aeroport panjarasiga qulagan. Ma’lumotlariga ko‘ra, dron “samolyot tipidagi” bo‘lgan.

Portlash oqibatida aeroportning panjarasi va signal kabeli shikastlangan. Odamlar jabrlanmagan.

Bazaning eslatishicha, aeroport Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri fuqarolik reyslarini qabul qilmagan.

Oxirgi bir necha oy ichida nafaqat Ukraina bilan chegaradosh Belgorod viloyatida, balki Rossiyaning boshqa hududlarida ham turli ob’yektlarga uchuvchisiz samolyotlar hujumi sodir etilgani haqida bir necha bor qayd etilgan. Rossiya hukumati ushbu hujumlarning ayrimlarida Ukrainani ayblaydi. Ukraina rasmiylari Rossiya hududidagi ushbu va boshqa operatsiyalarga aloqadorligini rasman tan olmagan.