Samarqand aeroportidan dron "uchib" kirolmadi
Ayrim fuqarolar tomonidan mamlakatimizga olib kirish taqiqlangan uchuvchisiz uchish qurilmalarini olib kirish holatlari hamon uchrab turibdi.
Mazkur qurilmalarni faqatgina Vazirlar Mahkamasining alohida qarorida ko‘zda tutilgan hollarda ayrim tashkilotlar tomonidan olib kirish, realizatsiya qilish va foydalanishga ruxsat berilgan.
Shunga qaramay, jismoniy shaxslar tomonidan bu turdagi qurilmalarni bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga urinishlar ko‘zga tashlanmoqda. Shunday holat “Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida aniqlandi.
“Domodedovo-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand xalqaro aeroportiga uchib kelgan fuqaro B.Sh. bojxona nazoratidan “yashil” yo‘lak orqali o‘tar ekan, uning bezovtalanishi bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi.
Unga tegishli qo‘l yuklari nazorat-rentgen apparati orqali o‘tkazilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, yuklar orasidan bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan, 1 dona “BEAST” yozuvli uchuvchisiz uchish apparati yashirilganligi fosh bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.