Koronavirusga qarshi dron

Avstraliyada pandemiyaga qarshi dron yaratildi. U o‘zining uchish balandligida bemor kishini aniqlashga qodir. Ma’lumki, koronavirusga qarshi kurashda uni yuqtirgan shaxsni tezkor aniqlash asosiy muammolardan biridir.

Aniqlanishicha, bugun epidemiya qamrab olgan hududlarda tana haroratini profilaktik o‘lchashning o‘zi yetarli emas. Shu munosabat bilan Janubiy Avstraliya universiteti va Kanadaning DraganflyInc. kompaniyasidan olimlar jamoasi uchuvchisiz apparatlar yordamida masofadan turib kasallikni aniqlash metodini taklif qildilar. Bu uchuvchisiz apparatlar kompyuterli ko‘z va maxsus datchiklardan foydalanib nafas yo‘llari yuqumli kasallik bilan xastalangan odamlarni masofadan aniqlay oladi.

Ixtirochilarning so‘zlariga qaraganda, ular yaratgan dron masofadan turib tana harorati, yurak urushi, qisqarish chastotasi, shuningdek, shaxsning aksa urushi, yo‘talishini o‘lchay oladi. Dron barcha o‘lchamlarni tekshirilayotgan ob’yektdan 50 metr uzoqlikda turib bajaradi. Ushbu metod odamlar gavjum joylarda juda qo‘l keladi.

Yetakchi chamadon

“Aqlli chamadon” juda ko‘p ko‘zi ojiz yaponlarga sayohat chog‘ida qo‘l keloqda. Bu g‘oya ko‘rishda jiddiy muammosi bo‘lgan IBM Japan kompaniyasi xodimasi Chiyeko Asakave o‘ylab topdi. Navbatdagi safar chog‘ida chamadonni sudrab yurar ekan, u “Nega chamadonni zarur elektron uskunalar bilan jihozlab o‘zi yuradigan beminnat yordamchiga aylantirish mumkin emas”, deb o‘yladi.

Sun’iy intellekt yaratish bilan shug‘ullanuvchi bir nechta yapon kompaniyalari ishga kirishdi. Natijada yo‘lni ko‘ruvchi, yo‘nalishni to‘g‘ri belgilovchi, sharoitga qarab o‘zi to‘xtab, o‘zi harakatlanadigan, egasini u oldindan belgilab bergan kurs bo‘yicha aytgan joyga bexato olib boradigan “Chamadonsiman” robot yaratildi.

Videokamera va datchiklar ma’lumotiga ko‘ra, egasi interaktiv so‘zlashuv orqali qayerda turganligi, atrofida nima borligini bilib oladi.

«Mir novostey» (2020 yil 18-son) T.MUROD tayyorladi.