"Sabab - immunitet yo‘qligi va Xitoy vaksinasining past samaradorligi": Xitoyda yangi COVID-19 to‘lqini avj olmoqda

Xitoyda majburiy testlarning tugashi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar va o‘lim holatlarini kuzatishni qiyinlashtirdi. Rasmiylar hozirda kasallanganlar sonini aniq aytib bo‘lmasligini tan oldi.

Kasalliklar soni ko‘payishi shifoxonalar va tibbiyot xodimlariga katta bosim keltirib chiqardi. Bemorlarga kutish xonalari va koridorlarda yordam ko‘rsatilmoqda. Rasmiylar odamlardan imkon boricha uyda davolanishni so‘ragan. Krematoriylar yuqori nagruzkada ishlamoqda.

Sog‘liqni saqlash mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin oylarda mamlakatdagi 1,4 milliard aholining 60 foizi koronavirus bilan kasallangan bo‘lishi mumkin.

Kasallik ko‘payishi, qisman, an’anaviy xitoy dori-darmonlarini afzal ko‘radigan 80 yoshdan oshgan keksalar orasida emlashning past darajasi bilan bog‘lanmoqda. Shuningdek, mutaxassislar sabab sifatida izolyasiya tufayli tabiiy immunitet yo‘qligi va boshqa vaksinalarga nisbatan Xitoy vaksinasining past samaradorligini ko‘rsatmoqda.