Samarqand aeroportida dron olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatildi

“Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida dronni yashirincha olib kirishga uringan shaxs aniqlandi.

“Domodedovo-Samarqand” yo‘nalishida Samarqand xalqaro aeroportiga uchib kelgan fuqaro P.S. “yashil yo‘lak”dan harakatlanayotganda bojxonachilar va xolislar ishtirokida unga tegishli bo‘lgan bagaj sumkasini ko‘zdan kechirishdi.

Bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan xorijda ishlab chiqarilgan qiymati 600 000 so‘mlik 1 dona “DJI DRONE” nomli uchuvchisiz uchish apparati yashirilgani fosh etildi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 26 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘ida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan sanksiyasiz foydalanishda ogohlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston hududida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan noqonuniy foydalanish taqiqlangan.