Bir jinoyat ishi doirasida 55 kishi qo‘lga olindi
Qo‘qonda qasddan odam o‘ldirishga suiiqasd to‘g‘risidagi jinoyat ishi doirasida 55 kishi ushlandi. Qo‘lga olish vaqtida bir qancha ekzotik qurol turlari olib qo‘yildi.
Aniqlanishicha, 5 fevraldan 6 fevralga o‘tar kechasi soat taxminan 00:50 larda Qo‘qon shahar tibbiyot birlashmasi huquqni muhofaza qilish organlariga 25 yoshli M.B., 28 yoshli Q.A. hamda 31 yoshli J.Sh. tanasining turli sohalarida sochma o‘qdan kelib chiqqan tan jarohatlari bilan murojaat qilgani haqida xabar bergan.
Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shu kuni tungi 00:10 larda ular 27 yoshli A.U. va uning tanishlari bilan Qo‘qondagi «Shedevr» choyxonasida janjallashib qolgan.
Mojaro vaqtida A.U.ning yonida bo‘lgan tanishi 27 yoshli Z.M. tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan «IJ-18» rusumli qirqma miltig‘i bilan B.M., A.Q. va Sh.J.larga qarata ikki marotaba o‘q uzib, tan jarohati yetkazgan va hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismining tegishli bandlari (qasddan odam o‘ldirishga suiiqasd) va 277-moddasi (bezorilik) bilan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 30 nafar shaxsga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari va olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, IIB, DXX va prokuratura organlari xodimlari tomonidan hamkorlikda 14 fevral kuni Qo‘qonda shartli nom ostida o‘tkazilgan «Tong» tadbiri davomida ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 25 nafar shaxs aniqlanib, ularga nisbatan «ma’muriy qamoq» qo‘llanilgan va ularni ushbu hamda boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.