Sobiq MIBchilarga oid jinoyat ishi tugatildi: ular iste’molchilarga katta miqdorda soxta qarz “ilishgan”di
Bu uchovlonga 2021 yil 25 martda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hukmi o‘qilgandi. Unga ko‘ra, sudlanuvchilarning har biri 1 yil muddatga korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2021 yil 2 avgustdagi ajrimi bilan hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Lekin Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2021 yil 8 noyabrdagi ajrimi bilan ajrim bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan ko‘rish uchun yuborilgan.
Xo‘sh, sudlanuvchilar o‘zi qanday jinoyat sodir etishgan?
Aslida 32, 34 va 40 yoshdagi bu yigitlar Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limining energiya resurslari, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatidan foydalanish tartibini nazorat qilish shu’basi davlat inspektori vazifasida ishlagan.
Ular tegishli hududdagi aholi xonadonida iste’mol qilingan elektr energiyasining haqiqiy sarfini aniqlash uchun o‘rnatilgan elektr hisoblagichni joyida ko‘rib, iste’mol qilingan kVt/soat energiya ko‘rsatkichlari ma’lumotlarini “MIB Inspector” dasturi yuklangan mobil qurilma orqali o‘ziga biriktirilgan login va parol yordamida “Elektrhisob” dasturiga masofadan turib kiritishi lozim bo‘lgan.
Biroq sobiq MIBchilar har biri 30 va undan ko‘p holatda aslida iste’mol qilinmagan yuzlab million so‘mlik elektr energiyani go‘yoki iste’mol qilinganligi haqida bo‘lgan axborotni yolg‘on ekanligini bila turib, qasddan ushbu yolg‘on axborotni “Elektrhisob” dasturiga kiritgan. Bu orqali kompyuter tizimida saqlanayotgan axborotni qonunga xilof ravishda o‘zgartirib, fuqarolarning huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga, davlat va jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazishgan.
Ularning ishi joriy yil 14 aprel kuni viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyasiya instansiyasida, ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Sudlov hay’ati sudlanuvchi X.Galayev, G‘.Jo‘rayev va O.Jo‘rayevlarning aybdorligiga oid yetarli dalillar to‘planmaganini, jinoyat ishi bo‘yicha fuqarolarga, davlat yoki jamoat manfaatlariga real zarar yetkazilganligini aniqlash imkoniyatlari qolmaganini, ularning muqaddam sudlanmaganini va sodir etilgan harakatlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turiga kirishini inobatga olib, qilmishni, shuningdek, sudlanuvchilarni ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgan shaxs deb topdi.
Sobiq MIB xodimlariga nisbatan qo‘llanilgan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi bekor qilinib, ularga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi tugatildi.
Yo.MARQAYeV tayyorladi.