Jinoyatni hisobdan yashirish 2 barobar ko‘paygan
Viloyat prokuratura idoralari tomonidan 2021 yilning ikkinchi yarmida jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va qonuniy hal qilish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Natijada noqonuniy qaror qabul qilish va qayd etmaslik yo‘llari bilan hisobdan yashirilganligi aniqlangan jinoyatlar soni 2 baravarga ko‘payib, 527 tani tashkil qilgan.
Yana bir muammoli masala – mahalla va oilalarda osoyishtalikni ta’minlash, nizo va ziddiyatlarni bartaraf etishdagi kamchiliklar oqibatida 11 ta tuman va shaharda qotillik jinoyati ko‘paygan. E’tibor bering, 56 ta qotillikning 34 tasi yoki yarmidan ko‘pi qarindosh-urug‘lar yoxud qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi nizolar oqibatida sodir etilgan.
Qiynoqlar uchun 7 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan
Jinoyat protsessida aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv, ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish, dastlabki eshituv kabi inson huquqlarining himoyasini mustahkamlashga doir institutlar 2021 yildan amalga kiritildi. Shu asosda tergov va tezkor faoliyatda shaxsni tahqirlash, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha keskin choralar ko‘rilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish holatlari yuzasidan 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 7 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Prokurorlar tashabbusi bilan 6 kishi oqlangan
Prokurorlar faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi bu sudlardagi ishtirok bilan bog‘liq. Hisobot yilida 44 236 ta ish ko‘rilishida prokuror ishtiroki ta’minlanib, sudlarning 120 dan ortiq noqonuniy qarorlari prokurorlar protestlari asosida qonunlarga moslashtirilgan.
Prokurorlar tashabbusi bilan 6 nafar shaxsga oqlov hukmi chiqarilgan.