Bir mahalladan yer sotib olgan quruvchi boshqasida qurilish qilyapti
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi buyurtmachiligida Samarqand shahri Al-Buxoriy mahallasi Narpay ko‘chasi 170 “A” uy hududida yerosti va yerusti avtomobil turargohi qurilmoqda.
Buning uchun "Ye-auksion" elektron savdo platformasida lot raqami 4214679 bilan elektron savdo o‘tkazilgan bo‘lib, fuqaro D.A. tanlovda g‘olib, deb topilgan va hozirda qurilish ishlarini olib bormoqda.
Samarqand shahar qurilish bo‘limi 2022 yil 12 mayda jismoniy va yuridik shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun Samarqand shahri Al-Buxoriy mahallasi hududidagi yerosti va yerusti avtoturargohi qurilishi bo‘yicha P171840110583-1 unikal raqam bilan "Ye-ijro auksion" elektron savdo maydonchasiga kiritilgan 0,24 gektar maydoni yuzasidan 715-sonli xulosa taqdim etilgan.
Lekin, ushbu "Ye-auksion" elektron platformasida Samarqand shahar Al-Buxoriy mahallasi, deb ko‘rsatilgan, qurilish yerosti va usti avtoturargohi esa Sug‘diyona mahallasi hududida qurilmoqda. Bu esa elektron savdo o‘tkazilgan manzil chalkashtirilganligini yoki boshqa manzilda qurilish bo‘layotganligini ko‘rsatadi. Bu ma’lumot bilan elektron savdoga mas’ul bo‘lganlar, davlat aktivlarini boshqarish agentligi va kadastr idoralarining viloyatdagi mutaxassislari qiziqib ham ko‘rishmagan. Masala yuzasidan Al-Buxoriy mahallasi xodimlaridan so‘raganimizda ular elektron savdodan umuman xabari yo‘qligini hamda qurilish bo‘layotgan yer maydoni Sug‘diyona mahallasiga tegishli ekanligini bildirishdi. Bundan chiqdi o‘tkazilgan savdo Sug‘diyona mahallasi xodimlari bilan quruvchi o‘rtasida kelishilgan holda o‘tkazilgan. Qolaversa, qurilishga ruxsat bergan mas’ul tashkilot 10-15 metr uzoqlikda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi va yoqilg‘i saqlash ombori borligini hisobga olmagan ko‘rinadi.
Qurilish hududiga eng yaqin Sug‘diyona mahallasi 59 “A” uyda yashovchi 56 xonadondagilar, jamoatchilik o‘zini o‘zi boshqarish organi, shahar hokimligi, arxitektura bo‘limi, quruvchi korxona yoki boshqa mas’ul tomonidan biror marotaba ogohlantirilmagan. Qurilishga shaharsozlik kodeksining tegishli bandlariga asosan yozma rozilik olinmasdan qurilish ishlari boshlangan. Axir, Davlatimiz rahbari aytganidek, hamma ishlar xalqning roziligi bilan bajarilishi lozim emasmi?
Yomon tomoni, ko‘p qavatli uyimiz oldida 2022 yilda bolalar va kattalar uchun sog‘lomlashtirish trenajyor va basketbol maydoni bor edi. O‘tgan yili trenajyorlarni qo‘porib tashlashdi, 2024 yil mart oyida sport maydonchasini ham buzib tashlab, o‘rnidan yangi binoni davomini qurishmoqchi.
Bu bo‘yicha fuqarolar ko‘plab tegishli idoralarga murojaat qilishdi, ayrimlaridan murojaatga javob ham bo‘lmadi, ayrimlari tahdidli javoblar qaytarishdi. O‘rganganilganlari ham bir tomonlama fuqarolar ishtirokisiz bir tomonning xulosasi bilan yopilgan. Bizning aybimiz nima, ko‘p qavatli uyda yashaganimizmi? Favqulodda holat, yong‘in xavfsizligi va hattoki derazamizni yaqinidan bino qurib nafas olishni ham qiyinlashtirib qo‘yishsa ham biz aybdormi? Bolalar kun bo‘yi, yil davomida ko‘p qavatli uyning ichida o‘tirolmaydiku, qurilishga rozilik berayotganlar shularni o‘ylamaydimi? Hech bo‘lmasa buzib tashlangan bolalar mini stadioni va sport maydonchasini tiklashga kimdir amaliy yordam beradimi?
Samarqand shahar Sug‘diyona MFY 56 “A” uyda yashovchi fuqarolar. Jami 28 imzo.