Bir maqola ortidan boshlangan ustoz-shogirdlik
Shunday insonlar bo‘ladiki, ularning ezgu nasihatlari, samimiy mehri va hayot saboqlari yillar o‘tsa ham qalbdan o‘chmaydi. Ana shunday fidoyi, kasbiga sadoqatli, yuksak insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ustozlardan biri — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov edi.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan ustozimni chuqur ehtirom va beqiyos minnatdorlik bilan yodga olishni o‘zimning ma’naviy burchim deb bilaman.
Men uchun Safar aka nafaqat taniqli jurnalist, balki jurnalistika olamiga ilk qadam qo‘yishimga sababchi bo‘lgan birinchi ustozim hamdir. U kishi bilan bog‘liq har bir xotira bugun ham qalbimda iliq tuyg‘ular va yuksak ehtirom bilan yashaydi.
Talabalik yillarimda O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutida tahsil olar ekanman, sport gimnastikasi bo‘yicha musobaqada guruhimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Shu musobaqa taassurotlari asosida ilk maqolamni yozib, o‘sha paytdagi «O‘zbekiston fizkulturachisi» gazetasi tahririyatiga olib bordim.
Bosh muharrir Safar Ostonov maqolamni diqqat bilan o‘qib chiqdi. Kamchiliklarini sabr bilan tushuntirdi, ayrim joylarini tahrir qildi va eng muhimi, uni chop etishga tavsiya etdi. Yosh muallifga ishonch bildirib, muntazam ijod qilishimni maslahat berdi. Men uchun bu oddiy tavsiya emas, balki butun umrlik ijodiy qanot, kelajakka ishonch bag‘ishlagan ilk e’tirof edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, gazetada yana bir necha maqolalarim e’lon qilindi. Keyinchalik turli sport tadbirlarida Safar aka bilan tez-tez uchrashib turdik. Har bir suhbatimiz men uchun haqiqiy mahorat darsiga aylanardi. U kishi jurnalistik odob, maqola yozish madaniyati, voqealarga xolis yondashish va har bir so‘zning mas’uliyati haqida qimmatli maslahatlarini hech qachon ayamasdi.
Ayniqsa, «Sport» gazetasida chop etilgan maqolam uchun taqdim etilgan esdalik sovg‘asini aynan Safar aka qo‘lidan qabul qilganim hayotimdagi eng baxtli va unutilmas lahzalardan biri bo‘lib qolgan. Bu nafaqat mukofot, balki ustozning shogirdiga bildirgan ishonchi va e’tirofi edi.
2000 yilda taqdir meni «Sport» gazetasining Samarqand viloyati bo‘yicha muxbiri sifatida ish boshlash baxtiga musharraf etdi. Bu vaqtga kelib Safar aka boshqa mas’ul vazifada faoliyat yuritar edilar. Shunga qaramay, har bir uchrashuvimizda men yana yangi bilim va tajriba olardim. U kishining maslahatlari, ko‘rsatmalari va hayotiy tajribasi mening kasbiy shakllanishimda mustahkam poydevor bo‘ldi.
Bugun ortga nazar tashlar ekanman, jurnalistika sohasida erishgan har bir yutug‘imda ustozimning mehri, ishonchi va bergan saboqlari mujassam ekanini yanada teran his qilaman. Shu bois Safar Ostonovni hamisha birinchi ustozim deb bilaman va u kishiga nisbatan qalbimdagi minnatdorlik tuyg‘usi bir umr saqlanib qoladi.
Ustozlar umrboqiy emas, ammo ularning ta’limi, ezgu ishlari va shogirdlar qalbida qoldirgan o‘chmas izlari mangu yashaydi. Safar aka Ostonov ham ana shunday ezgu nom qoldirgan ustozlarimizdan biri sifatida xotiramizda abadiy yashayveradi.
Salomxon Hakimov,
O‘zbekiston «Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi», «Sport faxriysi» ko‘krak nishonlari sohibi.