Bir yil ichida 69 milliard so‘mlik IT xizmatlari ko‘rsatilgan

Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bunga qanday erishilganligi ma’lum qilindi.

Ta’kidlanganidek, 2023 yilda viloyatda axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish uchun 442,9 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Jumladan, Samarqand shahrida IT-akademiyasini tashkil etish uchun 11 milliard so‘m, "Shkola-21" filialini ochish uchun 20 milliard so‘m, mobil aloqa xizmatini takomillashtirish uchun 279,1 milliard so‘m ajratilgan.

Bundan tashqari, viloyatdagi IT-park rezidentlari soni 69 taga yetkazilgan. 2022 yilda ular 44 tani tashkil qilgan edi. Yosh dasturchilarni yetishtirish maqsadida hududda yuqorida nomi tilga olingan maktablardan tashqari yana 14 ta IT yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari ochilgan. Buning samarasi o‘laroq, IT rezidentlari tomonidan kompyuter dasturlash xizmatlari miqdori 69,6 milliard so‘mga (2022 yilda 17600 million so‘m) yetgan. Shundan 4024 ming AQSh dollarini xizmatlar eksporti tashkil etadi. 

Tadbirda boshqarmaning joriy yilgi rejalari haqida ham ma’lumot berildi. 691 ta mobil aloqa baza stansiyalarini o‘rnatish, rezidentlar sonini 110 taga yetkazish, IT xizmatlar hajmini 750 milliard so‘mga yetkazish shular jumlasidan.