Dunyoning ilg‘or 150 ta kompaniyasi mutaxassislari O‘zbekistonda IT-autsorsing bozorini o‘rgandi

Shu kunlarda Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-park tomonidan viloyatlarda «Offshore Outsourcing Tour 2024»  xalqaro tadbir o‘tkazilmoqda.

Samarqand shahrida o‘tkazilgan tadbirda 30 dan ortiq mamlakatning 150 ta kompaniyasidan 200 nafardan ziyod xorijlik mutaxassislar O‘zbekistonda IT-autsorsing bozorini o‘rganish borasida fikr almashdi.

Tadbir doirasida IT-park xodimlari tomonidan mehmonlar uchun O‘zbekistonda kompaniya ochish jarayoni haqida taqdimot o‘tkazildi va taqdimot xorijiy kompaniya vakillarida yaxshi taassurot uyg‘otdi hamda yurtimizda kompaniya ochish bo‘yicha mutaxassislardan tavsiyalar olindi.

- Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan «O‘zbekiston-2030» strategiyasiga muvofiq, yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirish maqsadida 300 ming nafar yoshlarni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan, - deydi IT-park Samarqand hududiy filiali direktori Sherzod Yusupov. – Yurtimizda mahalliy va chet el IT kompaniyalarining faoliyatini boshlashi ushbu strategiyaning amaliy natijasini ko‘rsatishga yordam beradi. Shuningdek, kadrlar malakasi oshadi, soha rivojlanadi va jahon texnologiyalari mamlakatimizda ham bo‘y ko‘rsatadi.

Tashrif davomida xorijlik mutaxassislar “SamIT Global” logistika, IT-ta’lim va sug‘urta sohalariga ixtisoslashgan kompaniyaning Samarqand shahridagi ofisida ham bo‘lib, ish jarayonlari bilan tanishdi, kompaniya tajribasi o‘rganildi.

Uchrashuvda “SamIT Global” bosh direktori Sanjar Saidqulov kompaniyaning IT sohasidagi yosh iste’dod egalariga sifatli ta’lim va amaliy tajribalarini taqdim etdi. Shuningdek, kompaniyaning jahon bozoridagi strategik rivojlanishi va samarali hamkorlikka tayyorligini e’tirof etdi.

Muhokama chog‘ida mehmonlarga kompaniyaning loyihalari, qo‘llayotgan texnologiyalari hamda ofis ochish uchun aynan Samarqand shahrini tanlashning afzalliklari ma’qul tushdi. Ular “SamIT Global” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish va autsorsing sohasida tajriba almashishga qiziqish bildirdi. Bu esa kompaniya faoliyatining nafaqat mintaqa, balki global miqyosdagi ahamiyati va dolzarbligini tasdiqlaydi.

F.Ro‘ziboyev.