IT bilan shug‘ullanib, yiliga 1 million dollar topish mumkin(mi?)
Keyingi yillarda mamlakatimizda axborot texnologiyalari (IT) sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu nafaqat shahar markazlarida, balki eng chekka hududlarda yashovchi yoshlar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochyapti.
Masalan, o‘tgan yili Nurobod tumanining tog‘li hududida joylashgan Oqsoy mahallasida IT Village barpo etildi. Markazda 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan nurobodlik yoshlar va hududga yaqin bo‘lgan qo‘shni tumanlarda yashovchi o‘g‘il-qizlar dasturlash va ingliz tilidan ta’lim olmoqda.
- “IT Village” loyihamiz amalga oshirilgach, ming nafarga yaqin yoshlar o‘quv kurslariga jalb qilindi, - deydi loyiha kordinatori Bobur Sa’dullayev. – Ayni paytda 100 nafar o‘quvchi dasturlash va ingliz tilidan saboq olyapti. Iyul oyidan robototexnika yo‘nalishini ham yo‘lga qo‘ydik. Kelgusida dasturchi bo‘laman degan yoshlarimizni suhbat orqali saralab olib, o‘quv kurslarimizga jalb qilyapmiz. Hozirgi kunda o‘quvchilarimizning bir nechasi mustaqil veb-saytlar yarata boshladi.
Markaz hududida o‘quvchilar uchun yetarli sharoitlar bor. Ochiq osmon ostida o‘tiladigan mashg‘ulotlar yangi loyihalar yaratish uchun ilhom bag‘ishlaydi. Bunday imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanayotgan yoshlar zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lyapti.
- Mahallamizda ochilgan “IT Village”da ingliz tili va dasturlash yo‘nalishida 2 yildan buyon ta’lim olib kelyapman, - deydi Amirxon Mannonov. – Bu yerda o‘qish mutlaqo bepul va barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Avvalo, kompyuterda tez yozish va undan to‘g‘ri foydalanish haqidagi ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. Ayni paytda HTML, CSS, Java Script kabi o‘nga yaqin dasturlash tillarini o‘rganyapmiz. Bugungi kunda o‘zim mustaqil vebsaytlar yarata olaman. Kelgusida IT yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lishni maqsad qilganman.
Samarqand shahridagi o‘quv markazlardan birida ta’lim olayotgan Muhammad Olimov ming dollarlab daromad topayotgan yoshlardan biri.
- Hozirgi kunda onlayn ishimga egaman, - deydi u. - Frilanserlik bilan 2 yildan buyon shug‘ullanaman. Oylik daromadim o‘rtacha 2 ming dollar. Bu xarajatlarim uchun kamlik qilmaydi, lekin yanada ko‘proq pul topishga harakat qilyapman. Yaqinda IELTS topshiraman, bu mening daromadimni ikki baravarga ko‘taradi, ya’ni oyiga 4 ming dollargacha topishim mumkin. Bu O‘zbekistonda yaxshi daromad hisoblanadi. Ammo bu bilan ham cheklanib qolmay, keyinchalik chet davlatlarda malaka oshirib yillik 1 million dollarlik daromad topadigan mutaxassisga aylanish niyatim bor.
IT yo‘nalishida faoliyat olib borishni maqsad qilib, ham dasturlash, ham ingliz tilini o‘rganayotgan, yosh bo‘lishiga qaramasdan mo‘maygina daromad topayotgan bunday yigit-qizlarga havas qilsak arziydi.
Dilnoza Ahmadova,
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.