IT xizmatlari eksporti: birinchi chorakda 1,7 million AQSh dollari
Bu viloyat Matbuot uyida Samarqandda IT xizmatlari eksportini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi.
Unda mavzu yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat hududiy shu’basi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan birinchi choragida viloyatdagi IT xizmatlarini eksport qiluvchi korxonalar soni 36 taga yetib, ulardagi 513 nafar mutaxassis tomonidan 1703 ming AQSh dollarilik xizmatlar eksport qilingan. Holbuki, o‘tgan 2023 yilning shu davrida viloyatda bor-yo‘g‘i 12 ta shunday korxona bo‘lib, eksport hajmi 503 ming AQSh dollarini tashkil etgan.
- Yil boshida viloyatda IT xizmatlari eksportini rivojlantirish maqsadida vazirlik hamda viloyat hokimligi hamkorligida 13 yo‘nalishdan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, - deydi Dilmurod Xo‘jamberdiyev. – Shunga muvofiq, o‘tgan vaqtda AQShning 20 dan ziyod IT kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilib, Logex, Upaynet, RX2go singari istiqbolli kompaniyalar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Hozir ularning viloyatimizdagi bo‘limlarida 100 nafardan ziyod mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlangan.
Tadbirda sohada kutilayotgan yangiliklar, IT xizmatlari eksportini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga qonunchilikka muvofiq berilayotgan imtiyoz to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tildi.