Mahallalarda IT yo‘nanishiga qiziqqan yoshlar qay tartibda sohaga olib kirilmoqda?
Prezidentning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida joriy yilning 1 martidan boshlab “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etilishi belgilangan edi. Xo‘sh, u qanday amalga oshirilyapti? Yosh dasturchilar qayerda o‘qitiladi? Shu va boshqa savollar atrofida ma’lumot to‘plashga harakat qildik.
Dasturga ko‘ra, birinchi bosqichda joylardagi yoshlar yetakchilari mahallalarda axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlarni aniqlab, ularni IT va xorijiy tillarni o‘qishga yo‘naltirishi kerak. O‘qishni tugatib, tegishli sertifikatlarni olgan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritiladi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga yo‘naltirilib, ishga joylashtirishda ko‘maklashiladi.
— Hozirgacha viloyatning 685 nafar yoshi barcha xarajatlari qoplangan holda IT va xorijiy tillar bo‘yicha o‘qitildi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Shahzoda Hamidova. – Yana 80 nafari “School 21” raqamli texnologiyalar maktabiga o‘qishga kirgan. Bundan tashqari, ko‘plab yoshlarimiz “Kelajak kasblari” loyihasi, “Ibrat farzandlari” platformalarida ta’lim olyapti. Bir so‘z bilan aytganda, dastur ijrosi bo‘yicha ishlar boshlangan va natija ham uzoq kuttirib qo‘ymaydi.
— Mahalla yoshlari o‘rtasida birinchi bor so‘rov o‘tkazganimda 5 nafari IT yo‘nalishida o‘qish istagini bildirdi, - deydi Toyloq tumanidagi Charog‘bon mahallasi yoshlar yetakchisi Murodjon Farmonov. – Keyin ular uchun yaxshi o‘quv markazini qidira boshladim. Samarqand shahrida ochilgan “School 21” maktabida bo‘lib, tajriba tariqasida o‘zim ham unda bir haftacha o‘qidim. Sharoit va o‘qitish texnologiyasi ma’qul kelgach, yoshlarimni olib keldim. Hozir ularning 4 nafari maktab shu yerda o‘qimoqda. Keyingi qabul uchun yana 3 nafar nomzodim bor.
“School 21” raqamli texnologiyalar maktabida bo‘ldik. Maktab nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni mamlakatlarning ham 18 yoshdan oshgan barcha yoshlariga bepul IT kasbga ega bo‘lish imkoniyatini berar ekan.
Markazda “Tengga-teng” metodologiyasi qo‘llaniladi. Ya’ni, unda darslar va ma’ruzalar bo‘lmaydi. Bilim jamoa bo‘lib ishlash, olingan bilimlarni boshqalar bilan bo‘lishish va amaliy tajribalar asosida olinadi. Undagi o‘qishni boshqa ta’lim muassasalaridagi o‘qish yoki ish bilan uyg‘un olib borish mumkin. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, maktab yiliga 365 kun, haftasiga 7 kun 24 soat davomida ishlaydi. O‘quvchi o‘ziga qulay vaqtda o‘qishga kelishi mumkin. Uzoq hududlardan kelganlar uchun esa yotoqxona bor.
— Men endi 11-sinfga o‘tdim, mashg‘ulotlarga darsdan keyin qatnashaman, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumanining Omonkalxat mahallasidan kelgan Shahboz Salimov. – Bu maktabni mahallamizdagi yoshlar yetakchisi maslahat bergan. Boshida oson bo‘lmadi, lekin maqsadimga erishish uchun bu qiyinchilikdan o‘tishim kerak. Barcha harakatimiz amaliyot bilan bog‘liqligi sababli yangi bilimlarni tez o‘zlashtiryapmiz.
Yoshlarning mazkur sohaga qiziqtirishi oshirish, kelajak kasblariga yo‘naltirish maqsadida joylarda mazkur maktab va boshqa IT markazlari mutaxassislari ishtirokida uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda. Agar sizda ham IT mutaxassisi bo‘lish orzusi bo‘lsa, mahallangizdagi yoshlar yetakchisi bilan uchrashing.
Asqar BAROTOV.