Bizni kim aldayapti, gaz idorasimi yoki murojaatchi? (audio va video)

13 iyun kuni Zarnews.uz saytida “Qo‘shquduqqa apreldan buyon suyultirilgan gaz yetkazilmayapti” nomli maqola bergan edik. Unda Past Darg‘om tumani Qo‘shquduq mahallasida yashovchi R.Rasulova aholiga aprel oyidan buyon suyultirilgan gaz yetkazib berilmayotganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, murojaatchi to‘ldirilgan gaz ballonlari uchun belgilanganidan ortiqcha haq talab qilinayotganidan norozi bo‘lgani yozilgan edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, bizga Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali idorasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi va saytimizda berilgan maqola noto‘g‘ri ekani aytildi. Tabiiyki, biz idora xodimidan asos so‘radik. Shundan so‘ng, Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali idorasidan bizga murojaatchi tomonidan yozilgan tushuntirish xati, dalolatnoma, “O‘ztransgaz” boshqaruvi raisi o‘rinbosari M.A.Boshmanovga yozilgan xat va video yozuv yuborildi.

Murojaatchi o‘z tushuntirish xatida saytimizda berilgan axborot noto‘g‘ri ekanini bayon etgan. Materialdagi audioyozuvda esa R.Rasulova suyultirilgan gaz ballonning vaqtida yetkazilmayotgani va belgilangan narxidan qimmat haq olinayotganini aytgan edi.

Shundan so‘ng biz opa bilan yana bog‘landik. Uning gaplaridan anglashiladiki, mahalla raisi va gaz idorasi xodimlari R.Rasulovaning uyiga  borib, undan kechirim so‘rashgan va yuqoridagi tushuntirish xatini yozdirib olishgan. Keling, yaxshisi, audio yozuvni eshitib ko‘ring.

Darvoqe, bizga taqdim etilgan hujjatlardan ko‘rinadiki, R.Rasulova hamda qo‘shquduqlik fuqarolar gaz ballon uchun 19 ming so‘m to‘laganliklari haqida to‘lov varaqalariga imzo qo‘yishgan.

Yuqoridagilarni e’tiborga olsak, R.Rasulova nohaq bo‘lib chiqadi. Agar shunday bo‘lsa, nega u bizga murojaat qildi? Nega gaz ta’minoti idorasi mas’ullari mahallaga borib (R.Rasulovaning aytishicha) aholidan uzr so‘radi. Noto‘g‘ri ma’lumoti uchun nima sababdan unga chora ko‘rmadi? Va eng muhimi, nima uchun R.Rasulova bizga qayta murojaat qilib noto‘g‘ri ma’lumot berganini aytmadi? Yoki bu yerda boshqa gap bormi?