Boburning Samarqandga mehri bo‘lakcha bo‘lgan
Viloyat axborot-kutubxona markazida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan "Kim yor anga ilm tolibi -ilm kerak!" mavzusida ilmiy amaliy anjuman o‘tkazildi.
Samarqand davlat universiteti va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, talaba va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
- O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoh va shoir, davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan boy ma’naviy meros oradan qariyb besh asrdan ziyod vaqt o‘tibdiki, o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q, - deydi filologiya fanlari doktori Azmiddin Nosirov. – Anjumanda Sharq va G‘arb sivilizatsiyasida, shuningdek, bugungi yoshlar hayotida Bobur ijodining o‘rni xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Ayniqsa, tadbirda ishtirok etgan SamDU talabasi Hilola Haydarovaning buyuk shoh va shoirning qadimiy shahrimizga bo‘lgan mehru muhabbati yuksak bo‘lganligini isbotlovchi “Boburnoma”da Samarqand tasviri” nomli ma’ruzasi ko‘pchilik, ayniqsa, adabiyotshunos olimlarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
- Prezident qarori asosida mamlakatimizda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov. - Nazm navo bilan birga yuraklarga oson yetib borishi ko‘p bor isbotlangan. Shuning uchun ham viloyat madaniyat va turizm boshqarmasi bilan hamkorlikda san’atkorlar, shoir va yozuvchilar ishtirokida ta’lim muassasalarida “Nazm va navo” kechalarini o‘kazyapmiz.
Kutubxonada boshlangan anjuman talaba va o‘quvchi yoshlar o‘rtasidagi mushoira kechasiga ulanib ketdi.
Shuningdek, Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan konsert dasturida Bobur g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi. Teatr aktyorlari tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Husan ELTOYeV (surat).