Qidiruvdagi shaxs qozonxona darchasidan qochishga urindi

Aliment farzandlar manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilar ekan, har qanday sharoitda ham qidiruv choralari ko‘riladi.

Majburiy ijro byurosining Nurobod tumani bo‘limida yuritilgan ijro ishi yuzasidan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra, qarzdor F.X.dan undiruvchi B.Sh. foydasiga farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati kelib tushgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdor ota uzoq vaqtdan beri aliment to‘lovlarini amalga oshirmaganligi sababli qarzi 30 million so‘mga yetgan.

Bundan tashqari, u noma’lum joyda yashirinib yurgan. Shu munosabat bilan, boshqarma qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan unga nisbatan qidiruv choralari ko‘rilgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi shaxs Samarqand shahridagi mexmonxonaning qozonxona darchasidan qochishga uringan vaqtda qo‘lga olingan va keyingi ijro harakatlarini amalga oshirish uchun u davlat ijrochisiga topshirilgan.