Qidiruvda bo‘lgan “Tracker” konteynerlar orasidan topildi

MIB viloyat boshqarmasi ish yurituviga 2025 yil 11 avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor fuqaroga nisbatan ijro hujjati kelib tushgan.

Mazkur hujjatga muvofiq, undiruvchi “Z.K.” servis foydasiga 46 million 80 ming so‘m miqdoridagi moddiy zararni undirish belgilangan.

Qarzdor tomonidan belgilangan ixtiyoriy muddat mobaynida ijro hujjati talablari bajarilmagani tufayli, amaldagi qonunchilikka asosan, unga tegishli bo‘lgan “Tracker” rusumli avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilindi.

Shundan so‘ng, boshqarmaning qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor harakatlar natijasida qarzdorga tegishli “Tracker” rusumli avtotransport vositasi konteynerlar orasiga yashirib qo‘yilganligi aniqlandi.

"Hozirda ushbu avtotransport vositasi belgilangan tartibda vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi va ijro hujjati ijrosini ta’minlash bo‘yicha belgilangan tartibdagi harakatlar davom ettirilmoqda", deya xabar berdi MIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati.