O‘zbekiston tomonidan qidirilayotgan jinoyatchi Interpol yordamida Shvetsiyada ushlandi

Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxsni ekstraditsiya qilish Shvetsiyadan birinchi marta amalga oshirildi.

Toshkent va Stokgolm Interpol Milliy Markaziy byurolarining hamkorlikdagi harakatlari hamda Lion shahrida o‘tkazilgan Milliy markaziy byurolar rahbarlarining yillik konferensiya davomidagi uchrashuvlar natijasida Shvetsiyadan birinchi marta jinoyatchi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Qidirilayotgan shaxs noqonuniy boyish maqsadida bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, puxta o‘ylangan rejaga muvofiq, tegishli hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ko‘chmas mulkni sotish bilan shug‘ullangan va o‘zining ushbu firibgarlik harakatlari orqali katta moddiy zarar yetkazgan.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyatchi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hududida yashiringan, ammo tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi shaxs Shvetsiya hududida aniqlangan va hibsga olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilganidan so‘ng jinoyatchi Interpol MMB xodimlari hamrohligida adolat qaror topishi uchun O‘zbekistonga olib kelindi.