Bog‘cha opalarning maoshi kam, ishi ko‘p(mi?)

Bog‘cha opalar qancha maosh oladi? Ertadan kechgacha bolalar ta’lim-tarbiyasi bilan mashg‘ul tarbiyachilarning mehnati osonmi? Ular bog‘chada bolalarga nimalarni o‘rgatadi?

Ushbu savollarga javob izlab, Urgut tumanidagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘ldik.

Tumanda 3-7 yoshli bolalar soni 54589 nafar bo‘lib, shundan 33819 nafari, ya’ni 62 foizi maktabgacha ta’limga qamrab olingan. Tumanda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 534 ta, shundan 75 tasi davlat, 444 ta oilaviy, 12 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 3 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir.

Dastlab tumandagi “Madina Ko‘zmunchoq” nomli davlat xususiy-sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishdik. Ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti 2019 yilda ochilgan bo‘lib, 150 o‘ringa mo‘ljallangan. Bog‘chada 12 nafar tarbiyachi 150 nafarga yaqin bolalarga ta’lim-tarbiya bermoqda. 

- Bog‘chamizda nutqida nuqsoni bor bolalar bilan shug‘ullanadigan logoped pedagog bor, - deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Sitora Ahmedova. – Shuning uchun ham ota-onalarning bog‘chamizga qiziqishi katta. Yaqinda 5 yashar bolani bog‘chaga qabul qildik. Bola bilan ota-ona kam muloqot qilgan, u faqat televizor ko‘rib katta bo‘lgan. Shuning uchun bola deyarli gapirishni bilmasdi. Mana endi u tengdoshlari bilan bog‘chada muloqot qilib, gapirishni o‘rgandi. Logopeddan tashqari tarbiyachilar turli muhitda katta bo‘lgan har xil xarakterli bolalar bilan tillashishi, ularning ko‘nglidan joy topishi, qolaversa, mashg‘ulotlar o‘tishi kerak. Turli tabiatli bolalar bilan ishlash oson emas.  

Ota-onalarning talabiga ko‘ra bog‘chada karate, ingliz va rus tili to‘garaklari ham ochilgan. Rus guruhida bolalar yod olgan she’rlarini aytib berdi. Bolalarning zukkoligi, mashg‘ulotga faol qatnashayotgani va “Men aytay”, deb qo‘l ko‘tarishidan bog‘chada yaxshi ta’lim-tarbiya olayotganiga guvoh bo‘ldik.

- Bolalarni yaxshi ko‘rganim uchun tarbiyachilik kasbida ishlayapman, - deydi bog‘cha tarbiyachisi Dilorom Musayeva. – Ertalab o‘yin mashg‘ulotlari orqali bolalarning diqqatini jamlab, so‘ngra mashg‘ulotlar olib boraman. Masalan, aprel oyida bolalarga ish reja bo‘yicha koinot va sayyoralar haqida mashg‘ulotlar o‘tdim. Mashg‘ulotdan so‘ng bolalar yozish, chizish mashqlarini bajaradi. Keyin biron o‘yin o‘ynaymiz. Bog‘chamiz shanba kuni ham ishlaydi. Shanba kuni bolalarga mashg‘ulotlar o‘tmaymiz, ular faqat o‘ynaydi. Ishimiz ertalab soat 7:30 dan kechki soat 17:00 gacha. Maoshimiz 1 million 900 ming so‘m. Albatta, bu pul ro‘zg‘or tebratishga yetmaydi, ammo kasbimni yaxshi ko‘rganim uchun ishlayapman.  

Ayniqsa, qishloqlarda boshqa ish o‘rni yo‘qligi sababli maoshi kam bo‘lsa-da, ayollar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mehnat qiladi. Bunday kasbga o‘rta maxsus ta’lim diplomi bilan ishga kirish mumkin.  

Keyingi manzilimiz Navbog‘ mahallasida joylashgan 60-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Mazkur bolalar bog‘chasi 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 5 nafar tarbiyachi va 4 nafar yordamchi tarbiyachi mehnat qilmoqda. 

- Olti yildan beri bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlayman, - deydi Zuhra Amonova. – Bu kasbni tanlagan odam avvalo, bolalarni yaxshi ko‘rishi kerak. Bolaning nimani xohlashini bilishingiz va shunga qarab muomala qilishingiz lozim. Guruhimdagi bolalarga ish-reja va “Ilk qadam” dasturi asosida mashg‘ulotlar olib boraman. Masalan, bugun suvga rang qo‘shish tajribasini o‘tdim. Suvga rang solganda unda sodir bo‘ladigan o‘zgarish va suvda qanday ko‘pik paydo bo‘lishini bolalarga tushuntirdim. 

Kasbimning o‘ziga yarasha mashaqqati bor, ammo ishim o‘zimga yoqadi. To‘g‘ri, maoshimiz uncha ko‘p emas, barcha tarbiyachilar qatori men ham 2 million so‘mga yaqin maosh olaman. Bu maosh o‘rta maxsus ta’lim diplomi borlar uchun. Oliy ma’lumotli tarbiyachilarning maoshi 3 million so‘mdan ziyod. Men yaqinda oliy ma’lumotli bo‘laman, diplom olgach, ish haqim ham ko‘tariladi. 

- Bog‘cha mudiralari 2,5 million so‘m maosh oladi, - deydi mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Sabina Qodirova. – Joriy yilning sentyabr oyidan ish haqimiz 5 million so‘m bo‘ladi. Agar menedjerlik sertifikatini qo‘lga kiritsam, maoshim 7 millionga yetadi.

Bog‘cha tarbiyachilarining ish haqini kam desak, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ham oliy ma’lumotli bo‘lsa-da, kam maosh olar ekan. Har zamonda quloqqa chalinadigan bog‘chalardagi oziq-ovqatdan urib qolish, turli o‘g‘irliklar bekorga ro‘y bermasligini tushunib yetgandek bo‘ldik. Ozgina maoshga mas’uliyatli kasbda ishlashni hamma ham istamaydi-da. 

Safarimiz chog‘ida tumandagi “Binafshajon” nomli oilaviy bog‘chada ham bo‘ldik. Bog‘chada 25 nafar bola tarbiyalanmoqda. 

- Bog‘chani onam boshchiligida ochganmiz, uch yildan beri faoliyat olib boryapmiz, - deydi bog‘cha tarbiyachisi Maftuna Hazratqulova. – Oilaviy bog‘cha tarbiyachilari ham boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari singari 1 million 900 ming so‘m maosh oladi. 

Mazkur bog‘chalarda bolalar tomonidan yasalgan turli buyumlar, rasmlar diqqatimizni tortdi. Darhaqiqat, bular ortida bog‘cha tarbiyachilarining mehnati borligini sezish mumkin. Ularning kun bo‘yi bolalar bilan ishlashi, albatta oson emas. Ayrim ota-onalar o‘z farzandlari bilan kunni o‘tkazsa, charchab ketdim, deb noliydi. Bog‘cha opalar bir guruhda 20-25 nafar bola bilan ishlaydi. 

Masalaning ikkinchi tomoni, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oliy ma’lumotli tarbiyachilar deyarli yo‘q. Sababi, oliy ma’lumotli mutaxassis maoshi yaxshiroq ishda ishlashni istaydi.  

Dunyo tajribasiga qarasak, rivojlangan davlatlarda bog‘cha tarbiyachilari katta maoshga ishlaydi. Bog‘chaga oliy ma’lumotli xodimlargina ishga olinadi. Aslida ham bolaga tarbiya avvalo, oilada, so‘ngra bog‘chada beriladi. Tarbiya qancha sifatli bo‘lsa, samarasi shunga yaxshi bo‘ladi. Shuning uchun bog‘cha tarbiyachilarining, ayniqsa, oliy ma’lumotli tarbiyachilarning maoshini yanada ko‘tarish kerak. 

Tarbiyachining maoshi oshsa, uning kasbiga bo‘lgan mehri ortadi, hayotidan mamnun bo‘ladi, bolalar bilan yanada yaxshiroq ishlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda kunora paydo bo‘ladigan bog‘cha opaning bolalarga qilgan zug‘umi tasvirlangan videolar kamayadi. Muhimi, bolalar sifatli ta’lim-tarbiya oladi. 

Xurshida Ernazarova.