Jurnalistlarning raqamli va huquqiy himoyasi — Samarqandda xalqaro seminar boshlandi

Samarqand shahrida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash milliy markazi hamda YuNESKOning  O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida "Jurnalistlar uchun xavfsizlik bo‘yicha trening — raqamli, psixologik va huquqiy himoya" mavzusida ikki kunlik o‘quv-seminar o‘z ishini boshladi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlarining kasbiy faoliyati davomida uchrashi mumkin bo‘lgan raqamli tahdidlar, huquqiy muammolar hamda psixologik bosimlarga qarshi samarali himoya mexanizmlarini o‘rgatish, ularning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashdan iborat.

Seminarda respublikadagi ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlari vakillari, media sohasi mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar kiberxavfsizlik, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish, jurnalistlarning huquqiy kafolatlari, inqirozli vaziyatlarda psixologik barqarorlikni saqlash kabi dolzarb mavzular yuzasidan amaliy tavsiyalar bilan tanishmoqda.

Ikki kun davom etadigan seminar doirasida dunyoning nufuzli nashrlaridan biri — "The Washington Post" muxbirlari bilan tajriba almashishga alohida e’tibor qaratilgan. Xorijlik mutaxassislar o‘zlarining xalqaro amaliyoti, axborot xavfsizligi, faktcheking, tahririy standartlar hamda jurnalistlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash borasidagi yondashuvlari bilan o‘rtoqlashmoqda.