Bojxona qish mavsumining betalafot o‘tishida qanday ko‘mak beryapti?
Viloyatimizda kuz-qish mavsumini talafotlarsiz o‘tkazish hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi kuzgi daraxt ekish mavsumini sifatli tashkil etish maqsadida Bojxona qo‘mitasi raisi boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan amaliy ishlar olib borildi.
Har bir tuman va shaharda ko‘p qavatli uylar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ta’lim muassasalari, yotoqxonalar, tibbiyot muassasalari boshqa ijtimoiy soha ob’yektlarini qish mavsumiga tayyorlash, kommunikatsiya tarmoqlari, isitish tizimlari, tabiiy gaz hamda elektr ta’minotining holatini o‘rganish bo‘yicha guruhlar shakllantirilib, kunlik ma’lumotlar monitoringi yuritildi.
– O‘rganishlar natijasida 535 ta ko‘p qavatli uy, 345 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 745 ta maktab, 206 ta poliklinika va qishloq vrachlik punktlari, 23 ta shifoxona, 267 ta mahalla binolarida to‘rt mingdan ortiq muammoli masalalar aniqlandi, – deydi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov. – Shundan, 2586 ta ob’yektda aniqlangan 3787 ta muammoli masala to‘liq bartaraf etildi. Viloyatdagi ijtimoiy soha ob’yektlari va aholiga qariyb 102 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi. Viloyatning olis tumanlariga ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilishi alohida nazoratga olindi. Shuningdek, aholiga 857 mingdan ortiq gaz ballonlari tarqatildi.
Elektr ta’minoti bo‘yicha aniqlangan muammolar yuzasidan 185 ta transformator ta’mirlandi va 9 tasi yangilandi, 2393 ta yangi temir beton ustun o‘rnatilib, 122,5 kilometr kabel tortildi.
Ijtimoiy soha ob’yektlarida davlat-xususiy sheriklik asosida isitish tizimini modernizatsiya qilish uchun bajarilgan ishlarga byudjetdan qo‘shimcha 5,6 milliard so‘m ajratilishi ta’minlandi.
Ichki yo‘llar holatini yaxshilash uchun 59,6 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi, 11,5 kilometr avtomobil yo‘llari betonlashtirildi, 113,2 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi.
Kuzgi daraxt ekish mavsumi davomida korxona va tashkilotlar, keng jamoatchilik tomonidan 7 million 200 ming tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari, butalar ekildi. Hududlarda hokimliklar, sektorlar va korxona, tashkilotlarning bog‘lari yaratildi. Jumladan, Bulung‘ur tumanidagi «Yangi O‘zbekiston» massivida «Bojxona bog‘i» tashkil etilib, 2154 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Ishchi guruh faoliyati davom etmoqda.