Bojxonachilarning ota-onalari ularning qayerda, qanday sharoitda ishlashlarini kuzatdi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida bojxona organlarida xizmat qilib, respublika iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va uning xavfsizligini ta’minlashdek mas’uliyatli va sharafli burchni ado qilib kelayotgan xodimlarning ota-onalari va ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Salixov so‘zga chiqib, bojxona organlarida xizmat qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil axborot berdi. Imtiyozli ipoteka kreditida uy-joy sotib olish, foizsiz kredit asosida avtomobillar xarid qilish kabi imtiyozlar shular jumlasidandir.
Hozirda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufida “Ulug‘bek”, “Samarqand” TIF hamda “Jartepa” va “Samarqand aeroport” chegara bojxona postlari faoliyat olib bormoqda.
Fidokorona xizmati uchun 5 nafar xodim davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari, bugungi kunda viloyat bojxona boshqarmasida 30 yoshgacha bo‘lgan 76 nafar xodimni o‘zida biriktirgan Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, boshqarma tasarrufida 8 ta xizmat uyi va 1 ta yotoqxona mavjud bo‘lib, unda boshqa viloyatlardan kelib xizmat olib borayotgan 22 nafar xodim yashab kelmoqda.
Tadbir davomida bojxona xodimlariga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘zida mujassam etgan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng ota-onalar tadbirdan o‘zlariga chiqargan xulosalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Ta’kidlandiki, davlat bojxona organlari xodimlarining odob-axloq qoidalari barcha yana bir bor eslatib o‘tildi.
Xodimlarning ota-onalari, ularning oila a’zolari bilan bojxona xodimini salbiy illatlardan va xatarlardan asrab qolish hamda ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash borasida o‘zaro hamkorlik belgilanib olindi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.