Bolalar bog‘chalari qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilyapti
Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun Jomboy tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga press-tur tashkil etildi. Unda OAV vakillari davlat hamda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan tanishdi.
Bugun qishloq joylaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham zamonaviy shart-sharoitlarga mos tarzda qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirilyapti. Press-tur tumandagi 24-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrif bilan boshlandi. Quvvati 150 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur bog‘chada 6 ta to‘liq asosiy guruh, 2 ta qisqa muddatli guruh faoliyat yuritadi.
- Bog‘chamiz 2021 yilda qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga torshirildi, - dedi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Guli Ibragimova. – Ushbu bino avval bolalar bog‘chasi bo‘lib, keyin undan foydalanmay qo‘yilgandi. Bugun bog‘chaga Xolvoyi va Chalaqo‘rg‘on mahallalaridan 150 nafar bola keladi. Ulardan 4 nafari kam ta’minlangan oila farzandlari bo‘lib, ulardan ovqat puli olinmaydi. Qolgan bolalar uchun oylik to‘lov badali 95 ming so‘m. Bog‘chamizda musiqa, rus tili, ingliz tili to‘garaklari mavjud. Ayni yozgi mavsumda bog‘cha bolalari uchun sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Shundan so‘ng, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi “Yulduzli marjon” nomli davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishildi.
- 100 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan bolalar bog‘chasi davlat-xususiy sheriklik asosida 2022 yilning aprel oyida foydalanishga topshirildi, - dedi xususiy bog‘cha direktori Dilshod Ahmedov. - Loyiha qiymati 2 milliard 900 million so‘mni tashkil etgan ushbu ikki qavatli binoda bolajonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bog‘chada bolalar uchun ingliz, rus tili, mental arifmetika, musiqa va taekvando to‘garaklari tashkil etilgan. Bog‘chaga hozircha 53 nafar bola qatnamoqda.
Press-tur davomida tanishilgan ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotlari barcha shart-sharoitlarga ega, qish va yoz mavsumi uchun moslangan bo‘lib, unda bolalar sog‘lom voyaga yetmoqda.
Jomboy tumanida 34 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta DXSh asosidagi va 119 ta oilaviy bolalar bog‘chasi mavjud. Ayni paytda “Obod qishloq" dasturi asosida mahalliy byudjetdan 60 o‘rinli hamda investitsiya dasturi asosida 150 o‘rinli ikkita davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan qurilyapti. Shu asosda yildan yilga bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrovi oshirilmoqda.
Xurshida Ernazarova.