Bolalar o‘limiga aloqador Hindiston farmatsevtika kompaniyasining litsenziyasi bekor qilindi

Hindistonning Uttar-Pradesh shtati hukumati O‘zbekistonda 18 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘talga qarshi siropini ishlab chiqargan Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi litsenziyasini bekor qildi, deb xabar bermoqda Press Trust of India.

"Yanvar oyidan boshlab firma litsenziyasi to‘xtatildi, shundan so‘ng batafsil tekshiruv boshlandi. Ayni paytda firma litsenziyasi Uttar-Pradesh giyohvand moddalarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan bekor qilingan. Firma endi sirop (yo‘talga qarshi) ishlab chiqara olmaydi", deydi hukumat vakili.

3 mart kuni shtat politsiyasi Marion Biotech kompaniyasining uch xodimini hibsga olgan va ikki firma direktori tekshirilmoqda. Ularning barchasiga nisbatan jinoiy ish ochilgan, dedi rasmiy. 

Da’vo Hindiston Jinoyat kodeksining dori-darmonlarni qalbakilashtirish, qalbaki dori vositalarini sotish, dorilarni boshqa dori yoki dorivor mahsulot sifatida sotish va noto‘g‘ri etiketlangan dori vositalari va tegishli qonunbuzarliklar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan. 

Avvalroq, davlat laboratoriyasida o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra tergov Marion Biotech dori namunalari “soxtalashtirilgani” va sifat standartlariga javob bermasligini aniqlangan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tgan yilning dekabr oyida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasining O‘RVIga qarshi “Dok-1 Max” siropini qabul qilgan 18 nafar bola halok bo‘lganini tasdiqladi va tibbiy ko‘rik materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, laboratoriya tekshiruvlari davomida preparat tarkibida zaharli moddasi etilenglikol topilgan.

Bu oxirgi paytlarda hind dori vositalari bilan sodir bo‘lgan ikkinchi hodisa. Oktyabr oyida Gambiya hukumati o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan 70 nafar bolaning o‘limi haqida xabar bergan edi. Mamlakat rasmiylari bolalar o‘limini tarkibida zaharli birikmalar bo‘lgan hind yo‘tal siroplarini qabul qilishi bilan bog‘lagan.