"Dok-1 MAKS" preparatidan mamlakat bo‘yicha yana uch nafar bola vafot etgan: Bolalar Ombudsmani monitoring o‘tkazdi
Joriy yilning 24 dekabr kuni Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili A. Yunusova hamda Bola huquqlarini ta’minlash sektori vakillari Samarqand viloyati bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri, viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, Samarqand shahar prokuratura xodimlari, viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rahbari va viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri ishtirokida yuqoridagi holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.
O‘rganishlar ko‘rsatmoqdaki, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida sentyabr-dekabr oylarida 21 nafar bemor o‘tkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgan, davolangan. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan bo‘lgan, 3 nafar bemor sog‘lomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ularning 15 nafari 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar.
Bemorlarning yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda ularda shamollash alomatlari bo‘lganligi va davolash maqsadida Dok-1MAKS preparati qabul qilishganligidan so‘ng ahvoli og‘irlashganligini bayon qilishgan. Dok-1MAKS preparatining har 10 mlda paratsetamol — 500 mg, gvayfenezin — 200 mg, fenilefrina gidroxlorid — 10 mg mavjud. Mutaxassislar Dok-1MAKS preparati qo‘llanilishi ko‘rsatmasida preparatni 2 yoshdan qo‘llash mumkinligi ko‘rsatilganligi, lekin shunday tarkibli boshqa kompaniyalar preparatlari asosan 12 yoshdan keyin qo‘llashga ruxsat berilganligini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunining 40-moddasida patologik-anatomik tadqiqotlar sog‘liqni saqlash muassasalarida odam hayotligida hamda o‘lganidan so‘ng tashxis qo‘yish (biopsiya va autopsiya), shuningdek, klinik sharoitda tashxis qo‘yish va kasallikni davolash ishlarining to‘g‘ri olib borilganligini nazorat qilish, o‘lim sabablari haqida aniq ma’lumotlar olish maqsadida o‘tkazilishi belgilangan.
Shu bilan birgalikda sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan tegishli nizomga ko‘ra davolash-profilaktika muassasalarida vafot etgan shaxslarning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish belgilangan, lekin vafot etgan bemorlarning birortasi ham patologik-anatomik tadqiqotdan o‘tkazilmagan.
Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi o‘z o‘rganishlarini davom ettirmoqda. Samarqand shahar prokuraturasi har bir o‘lim holati bo‘yicha surishtiruv-tergov olib bormoqda. Bola huquqlari bo‘yicha vakil Samarqand viloyati prokurori birinchi o‘rinbosaridan holat bo‘yicha chuqur o‘rganish olib borishlarini va har bir holatda aybdorlar jazosiz qolmasligi, qonun ustuvorligi ta’minlanishi shartligini so‘radi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan holat to‘liq nazoratga olindi.