“Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi jarayoni yuzasidan rasmiy axborot berildi: jami 21 kishi sudlanmoqda
Toshkent shahar sudining ish yurituviga S. R. P. (erkak, Hindiston Respublikasida tug‘ilgan, “Quramax Medikal” MChJ direktori), S. K. (erkak, Toshkent shahrida tug‘ilgan, bir vaqtda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan) va boshqalarga (jami 21 kishi: “Quramax Medikal” MChJ va “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK mas’ul xodimlari) oid jinoyat ishi kelib tushgan bo‘lib, uni ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni joriy yilning 11 avgust kuni soat 10.00 da boshlanishi belgilandi.
Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Ular Jinoyat kodeksining 184, 28,186-3, 186-3, 25,205, 205, 207, 28,209, 209, 210, 211, 212, 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra sodir etilgan jinoyatlar oqibatida 65 nafar yosh bola vafot etgan.