Bolalar ombudsmani Nurobodda tok urib halok bo‘lgan bola voqeasi bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi

Nurobod tumanida 5 yashar bola tok urishi oqibatida halok bo‘lganligi holati yuzasidan Bolalar ombudsmani kuzatuv olib bormoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani rasmiy bayonot berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 16 may kuni Nurobod tumanida yashovchi, 2019 yilda tug‘ilgan R.M. tok urishi oqibatida halok bo‘lgan. Tuman prokuraturasi tomonidan tuzilgan tezkor-tergov guruhi hodisa joyiga chiqib holat o‘rganilganda, «Omondara» mahalla fuqarolar yig‘ini, Cho‘nqaymish qishlog‘i hududidagi tepalikda o‘tgan elektr simini voyaga yetmagan R.M. ushlashi oqibatida ushbu hodisa ro‘y bergan.

Tezkor-tergov guruhi tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Shuningdek, holat yuzasidan “Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari” AJga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Hozirda Nurobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan holat bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettiradi va bu borada qo‘shimcha axborot beriladi, deyiladi xabarda.