Bugun hamma yo‘llar Sirdaryoga olib boradi

1 may kuni Sardoba suv omborida yuzaga kelgan talofat va suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun bugun butun mamlakatimiz oyoqqa turgan.

Jumladan, samarqandliklar ham Sirdaryo viloyati aholisiga yordam ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Kecha viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus brigadagi birinchilar qatorida voqea joyiga yetib borib, ofatni bartaraf etishga kirishdi. Kechga yaqin esa oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, dori-darmon va uy-ro‘zg‘or buyumlari yuklangan avtokarvon sirdaryoliklar tomon yo‘l oldi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining bugun o‘tkazilgan sessiyasida suv toshqinidan zarar ko‘rgan Sirdaryo viloyati aholisiga viloyat byudjetining daromadlar qismidan 5 milliard so‘m ajratishga qaror qilindi.

Bundan tashqari, bugun erta tongdan viloyatimizdan barcha tuman va shaharlaridagi “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati markazlari tomonidan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari, dori-darmon va boshqa kundalik ehtiyoj uchun zarur vositalar yuklangan 30 dan ortiq avtomashina Jomboy tumanida to‘planib, katta avtokarvon Sirdaryoga jo‘nadi.

 Ushbu avtokarvon orqali qo‘shni viloyatga 27,6 tonna un, 27 tonna kartoshka, 17,5 tonna piyoz, 16,7 tonna o‘simlik moyi, 12,1 tonna sabzi, 11,8 tonna guruch,  4,4 tonna makaron, 24 ming dona tuxum, 320 kg. go‘sht, 3,8 tonna sabzavot mahsulotlari, shuningdek, 3080 juft oyoq-kiyim, 5816 dona kiyim-bosh, 9281 dona ko‘rpa-to‘shak, 1688 dona idish-tovoq, 6600 dona gigiyenik va 200 turdagi dori-darmon vositalari yuborildi.

Hududda qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishi uchun 2 ta katta qayiq, 20 dona harbiy dala palatkalari, 4 ta ekskovator, 2 ta avtokran va 3 tada buldozor, 81 yuk avtomashinalarida poydevor bloklari, tog‘ toshi, shag‘al, beton, jo‘natildi.

G‘olib Hasanov.