Bugun “Jartepa” chegara bojxona postida O‘zbekiston va Tojikiston bojxona mutasaddilari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Muloqot davomida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuhamedov va Tojikiston Bojxona xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari A.Tursunzoda bojxona chegaralari orqali tovar va transport vositalarining harakatlanishini yanada yengillashtirish, o‘tkazish punktlari faoliyatini takomillashtirish hamda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi. Bojxona xizmatini raqamlashtirish borasida tajribalarini o‘rtoqlashdilar.
Jumladan, Tojikiston delegatsiyasi 2026 yil 16 martdan joriy etilgan transport vositalarini identifikatsiya qilish va rasmiylashtirish tizimi — VIN.TJ bo‘yicha taqdimot o‘tkazishdi.
Mehmonlar O‘zbekiston tomonining mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or tajribasini yuqori baholashdi va ushbu yo‘nalishda hamkorlikni kuchaytirishga e’tibor qaratdilar.
Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik faoliyatiga zamonaviy yechimlarni joriy etish, bojxona nazorati samaradorligini oshirish yo‘nalishidagi masalalar yuzasidan kelishib olishdi.