Bugun Samarqandda kollej va texnikumlarga kirish test sinovlari boshlandi, 3 nafar abituriyent imtihondan chetlatildi

Test sinovlari bugun Samarqand shahar Ro‘dakiy ko‘chasidagi 3 ta binoda, Kattaqo‘rg‘on tibbiyot va Ishtixon pedagogika kollejlari binolarida bo‘lib o‘tyapti. Imtihonlar Oqdaryo pedagogika kolleji, Payariq tibbiyot kolleji, Past Darg‘om pedagogika kolleji, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixondagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari abituriyentlari uchun tashkil etildi.

Test savollari davlat test markazi tomonidan soddalashtirilgan holda tuzilgan. Savollar 2 ta fandan 30 tadan jami 60 ta bo‘lib, test savollarini yechishga 2 soat vaqt beriladi.

Test sinovlari karantin qoidalariga amal qilingan holda, har bir abituriyent binoga harorati o‘lchanib kiritilyapti.

Imtihonlar 2 navbatda olinyapti. Bugun 1-navbatda test sinovlariga qatnashishi kerak bo‘lgan jami 1980 nafar abituriyentdan 1629 nafari, ya’ni 82,3 foizi imtihonga keldi. Ayni paytda 2-navbatdagi abituriyentlar test sinovlarini topshirmoqda.

Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, hozirgacha 3 nafar abituriyent qo‘l telefonidan foydalangani uchun imtihondan chetlatilgan.

Kollej va texnikumlarga kirish test sinovlari 28 noyabrgacha davom etadi.