Bugun zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi qanday bo‘lishi kerak?
Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta’lim bo‘limida “Bugungi kunning maktabgacha ta’lim muassasasi qanday bo‘lishi kerak?” mavzuida tarbiyachi pedagoglar uchun o‘quv-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda bolalarni sog‘lom ovqatlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli saqlash, kichik kutubxonalar tashkil etish, “Ilk qadam” davlat talablari asosida ta’lim-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etish, pedagog kadrlarning ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, tarbiyalanuvchilarni maktab ta’limiga tayyorlash kabi masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, har bir bolani muassasalarga qabul qilishni reglament asosida amalga oshirish, o‘quv jihozlaridan ta’lim-tarbiya jarayonida o‘rinli va samarali foydalanish, ularni sifatli saqlash, muassasada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish, har bir muassasa mudiralari tomonidan “Open EMIS” axborot tizimga ma’lumotlarni muntazam ravishda kiritish, maktabgacha ta’lim muassasalarida Kuzatuv kengashi faoliyati tashkil etish, eng muhimi ijro intizomiga to‘liq rioya etishni nazoratdan chiqarmaslik bo‘yicha mudiralarga tushuncha berildi.
Bugungi kunda tumanimizdagi 58 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 418 nafar pedagoglarning 89 nafari oliy ma’lumotli xodimlarni tashkil etadi.
2018 yilda 5 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalari Davlat investitsiya dasturi, 1 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi “Obod qishloq” dasturi asosida qayta qurilib, 1 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi “Obod mahalla” dasturi asosida kapital ta’mirlandi.
Tumanimizda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 30 iyuldagi “Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari asosida tashabbuskor tadbirkorlar tomondan 27 ta davlat-xususiy sherikchilik asosida , 74 ta oilaviy nodavlat ta’lim muassasalari tashkil etish bo‘yicha takliflari ijobiy hal etildi.
Jumladan, 50 o‘ringa mo‘ljallangan “Mittijon” hamda 50 o‘rinli “DREAM KIDS” davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yaqin kunlarda 60 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining ishga tushishi natijasida qo‘shimcha yana 1 500 nafar 3-7 yoshli bolajonlar maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinadi va qamrov darajasi 32 foizni tashkil etadi.
Yaqinda Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tuman maktabgacha ta’lim muassasalariga 103 turdagi turli xil o‘yinchoqlardan 9 724 dona, 4 turdagi 1 940 dona o‘quv qo‘llanmalari tarqatildi.
Toshturdi Alqarov, Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha
ta’lim bo‘limi mudiri.