Bugungi qo‘shiqlarda nega insoniy tuyg‘ular kamyob?

Musiqani har joyda eshitamiz: mashinada, do‘konda, kafeda. Hatto ijtimoiy tarmoqlardagi aksariyat videomateriallar kuy-ohangsiz yoritilmayapti. Ammo shu musiqalarni, ashulalar matnini tahlil qilsangiz, ma’no topolmaysiz. Nega shunday?

Ilgari bir qo‘shiqni eshitsak, ohangidan yuragimiz zavqlanar, so‘zlaridan kishida fikr uyg‘onardi. Ashulalarda insonning ichki kechinmalari - muhabbat, sog‘inch, Vatan, ona kuylanardi. Qo‘shiqning har bir satrida hayot aks etar, ohangida bir voqea yashirin edi.
Bugungi aksariyat qo‘shiqlarda esa kuy, ritm zamonaviy, lekin so‘z – mayda, mazmun – sayoz. Kliplarda hayosizlik aks etgan, nima haqida kuylayotganini hatto ijrochining o‘zi ham bilmaydi. Qo‘shiqdagi muhabbat yuzaki, ifodalash usluda insoniy tuyg‘ular yo‘q.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar musiqani "virus"ga aylantirdi. Kuy-ohangning ijodiy, badiiy qimmati yemirilmoqda. Xonandalar ma’noga emas, «layk» yig‘ish, «trend»ga urg‘u berishyapti. Ular faqat mashhurlikni o‘ylashyapti, milliy san’atimizning kelajagini emas.
Shukurki, hamon yurakdan kuylaydigan san’atkorlarimiz bor. Milliy musiqa san’atimiz shularning hisobiga yashab kelyapti. Ularning har bir ijrosi milliylikka, xalqimiz ma’naviyatiga, hayotiy haqiqatlarga suyangan. So‘z bilan kuyni uyg‘unlashtira olgan bunday ijodkorlar musiqa san’atimizning chin xazinasi.

To‘g‘ri, zamonaviy musiqa ustidan nolish oson tuyular. Lekin aytishimiz lozimki, biz, tinglovchilar ham ongli bo‘lishimiz kerak. Yaxshi musiqani ajrata oladigan, ma’nisiz qo‘shiqlarga emas, mazmunli san’atga mehr qo‘ysakkina, u rivoj topadi.

Surayyo ELMURODOVA,
SamDChTI o‘qituvchisi.