Bulung‘urda 107 nafar vrachga ehtiyoj bor

Bu haqda tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan press-tur doirasidagi matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari avvalo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonada amalga oshirilgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

- Shu paytga qadar bulung‘urliklar ko‘pgina laborator tekshiruvlardan o‘tish uchun viloyat markazidagi shifoxonalarga murojaat qilishga majbur edi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi laboratoriya bo‘limi boshlig‘i Klara Begimqulova. – Yaqinda bo‘limimizga 12 turdagi tahlillarni amalga oshiradigan zamonaviy uskunalari keltirilgach, bu masalaga yechim topildi. Ahamiyatlisi, bugundan boshlab shu bo‘limda koronavirus infeksiyasini aniqlash imkoniyati ham yaratildi.

Tadbir ishtirokchilari xirurgiya, reabilitatsiya hamda bolalar bo‘limlarida bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Kildon mahallasida joylashgan 1-son oilaviy poliklinikasida jurnalistlar koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonini kuzatdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada 18 yoshdan katta bo‘lgan aholi soni 3 626 nafarni tashkil etib, shu paytga qadar 1260 nafar fuqaro emlangan.

Press-tur ishtirokchilari tumandagi “Impuls” xususiy klinikasida ham bo‘ldi.

Tadbir so‘ngida tuman hokimining o‘rinbosari Azizbek Bo‘riboyev va tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Vohid Xudoyqulovlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

- Erishayotgan yutuqlarimiz bilan bir qatorda bizni qiynayotgan muammolar ham yo‘q emas, - deydi V.Xudoyqulov. – Ayni paytda 107 nafar vrachga ehtiyojimiz bor. Ko‘p yillar davomida tibbiyot kollejini bitirgan yoshlar bandligini ta’minlash bahonasida ular 0,25 va 0,5 stavkaga ishga qabul qilinishi ham ko‘pgina tushunmovchiliklarni keltirib chiqargan. Keyingi paytlarda shu muammoni ham bartaraf etishga kirishdik. Bugungi kunga kelib, 0,25 stavkada ishlovchi xodimlar qolmadi. 2020 yilda 0,5 stavkadagi hamshiralar soni 156 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bor-yo‘g‘i 6 nafari yarim stavkada ishlayapti.

To‘lqin Siddiqov,

Zamira Boltayeva.