Bulung‘urda yerning hisobi bor

Yer maydoni chorvachilik xo‘jaligiga ajratilgan, biroq bu unda faqat xashak tayyorlanadi, degani emas.

Joriy yilning 6 avgust kuni “Zarafshon” gazetasining Zarnews.uz veb-saytida “18 bosh qoramolga 17 gektar suvli maydon ajratilgan. Bulung‘urda yerning hisobi yo‘qmi?” nomli maqola e’lon qilindi.

Viloyat agroinspeksiyasining axborot xizmati tomonidan tayyorlangan mazkur axborot masalaning tub mohiyatiga yetmasdan, mutaxassislarning fikrini bilmasdan, ya’ni bir tomonlama tayyorlangan.

Negaki, maqolada aytilganidek, joriy yilda tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan 8160 sigirni sun’iy urug‘lantirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, "Chorvanasl" markazi tuman vakilligi tomonidan 8206 bosh, bosh va fermer xo‘jaliklari tomonidan 528 bosh qoramol sun’iy urug‘lantiriladi. Ya’ni, tuman bo‘yicha 16 ming 894 bosh (maqolada teng yarmi ko‘rsatilmayapti) qoramollarni sun’iy urug‘lantirish choralari ko‘rilmoqda.

Maqolada hozirgacha 3 ming 559 bosh sigir sun’iy urug‘lantirilgan deyilgan, demak sakkiz oylik ma’lumotlar qayd etilgan. Vaholanki, yetti oyda 8543 bosh shundan, "Chorvanasl" markazi tomonidan 3651 bosh, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan 4580 bosh, fermer xo‘jaliklari tomonidan 312 bosh chorva mollari sun’iy urug‘lantirilgan.

Shuningdek, maqolada keltirilgan boshqa holatlarga aniqlik kiritish maqsadida tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh holatni joyiga chiqib o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Azimmurod Boymurodov dalasi” fermer xo‘jaligida 72 bosh qoramol, shundan 25 bosh sog‘in sigir va 2 bosh yilqi mavjud. Ya’ni, maqolada ko‘rsatilganidek, 51 emas, balki 55,2 bosh shartli qoramol bor.

Ushbu fermer xo‘jaligining chindan ham 32 gektar suvli yer maydoni mavjud. Ammo joriy yilda fermer xo‘jaligi shartnoma asosida 12 gektar yer maydoniga g‘alla ekib, davlatga 44 tonna g‘alla topshirgan. O‘z navbatida g‘allaning somonidan chorvaga ozuqa sifatida foydalanib kelmoqda.

Yaratilgan bu kabi sharoit natijasida xo‘jalik faqatgina 1 chorakning o‘zida 48,7 tonna sut tayyorlab, tumandagi ijtimoiy soha ob’yektlariga yetkazib bergan. Shuningdek, ichki bozorga 1,2 tonna go‘sht mahsuloti chiqarilgan. Xo‘jalikdagi chorva mollari to‘liq sun’iy urug‘lantirilgan.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, mavjud shartli mol bosh soniga ko‘ra, tumandagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida 4 gektardan 6 gektargacha ortiqcha yer maydoni mavjud.

Ammo bu ulardan samarasiz foydalanilayapti, Bulung‘ur tumanida yerning hisobi yo‘q degani emas. Ortiqcha yer maydonlarida birinchi navbatda g‘alla parvarishlanmoqda.

O‘tgan hafta tuman hokimi B.Baxramov tumandagi 26 ta chorvachilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashib, mazkur masalani, umuman, chorvachilik xo‘jaliklaridagi haqiqiy ahvol yuzasidan gaplashdi.

Tuman hokimi bugungi chorvachilikni rivojlantirish hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligi, shu maqsadda qator qaror va farmonlar qabul qilinib, qo‘shimcha imtiyozlar berilayotganligini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, buni suiiste’mol qilmasdan, aksincha, odamlarni band qilish ish bilan ta’minlash, ijtimoiy soha tashkilotlarini sut mahsulotlari bilan ta’minlash, ichki bozorni chorvachilik mahsulotlari bilan to‘yintirish borasida har bir xo‘jalik oldida turgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasini yangilash, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish choralarini ko‘rish, zarurligi qayd etilib, bu borada hokimlik tomonidan barcha tegishli yordam berilishi bildirildi.

Bulung‘ur tumani hokimligi

axborot xizmati.