Bulung‘urlik direktor Mehnat kodeksining tegishli moddalari va mehnatga oid qonun hujjati talablarini buzgan

Joriy yilning 10 aprel sanasida Zarnews.uz sayti hamda “Zarafshon” gazetasining 13 aprel, 43-sonida “Bulung‘urlik maktab direktorini kim himoya qiladi – qonunmi yoki ma’rifatparvarlik?” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi axborot xizmati maqolada ko‘tarilgan masala yuzasidan munosabat bildirdi:

“Bulung‘ur tumani adliya bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bir nafar yakka tartibda tahsil oluvchi o‘quvchi Mamasoliyev Shahruzbek Asliddin o‘g‘liga ta’lim bergan o‘qituvchi O.Mamatqulovning 2021 yil 11 fevraldan yo‘l haqi kompensatsiyasi to‘lab berilmaganligi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori G‘.Qorabekovga nisbatan tuman adliya bo‘limi tomonidan 2021 yil 10 mart sanasida 01/100-sonli ma’muriy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha xat va to‘plangan hujjatlar Bulung‘ur tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga taqdim qilingan.

Maktab direktori G‘.Qorabekovning tushuntirish xatida yakka tartibdagi o‘quvchiga ta’lim berib kelayotgan o‘qituvchi O.Mamatqulovga yo‘l haqi kompensatsiyasini to‘lab berish to‘g‘risida buyruq chiqarmaganligini tasdiqlagan.

Yuqoridagilarga asosan, 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori G‘ayrat Qorabekov tomonidan Mehnat kodeksining 153, 154-moddalari va mehnatga oid qonun hujjati “Jismoniy yoki psixik rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarning uyida yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 33-bandi talablari buzilganligi aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 49-moddasi 1-qismiga asosan tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi davlat mehnat huquq inspektori tomonidan 2021 yil 7 apreldagi 04/02-sonli qarori asosida ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan.

Mamuriy jarima jazo chorasi qo‘llanilgan mansabdor shaxs 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori G‘.Qorabekovga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 294-moddasiga binoan ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning huquq va majburiyatlari tushuntirilganligini ma’lum qilamiz.

 

Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi axborot xizmati”.