Bulung‘urlik jurnalist Mamadali Jalilov 64 yoshida vafot etdi
M.Jalilov 1957 yilda tumanning Nurli yo‘l mahallasida tavallud topdi.
1979-1984 yillarda O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi.
Ilk ish faoliyatini “Bulung‘ur hayoti” (“Kommunist”) gazetasida muxbirlikdan boshladi. Keyinchalik mazkur tahririyatda bo‘lim mudiri, mas’ul kotib bo‘lib ishladi.
Mamadali aka 1991 yildan xalq ta’limi tizimida faoliyat boshlab, tumandagi bir qator maktablarda o‘zbek tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lib ishladi.
16 yillik o‘qituvchilik faoliyatidan keyin yana jurnalistikaga qaytdi va axborot hamkori viloyat xalq ta’limi bo‘lgan “Ma’rifat nuri” gazetasida uzoq yil samarali mehnat qildi.
Mamadali Jalilov shu paytgacha nafaqat tuman gazetasi, balki viloyat nashrlarida faol qatnashib turdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat jurnalistlari marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etadi. Jonkuyar jurnalist Mamadali Jalilov xotirasi qalbimizda uzoq yashaydi.