Tajribali jurnalist, matbuot faxriysi Boyxo‘roz Mahmudov 77 yoshida vafot etdi
B.Mahmudov 1946 yil 7 fevralda Narpay tumani Sepki qishlog‘ida tug‘ildi.
U Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida tahsil olib, ish faoliyatini 1970 yilda Narpay tumanining “Paxtakor ovozi” gazetasida oddiy muxbir sifatida boshladi. Keyinchalik “Nurobod” gazetasida faoliyatini davom ettirib, muxbir, mas’ul kotib, muharrir o‘rinbosari vazifalarida samarali mehnat qildi.
Boyxo‘roz aka 1992 yildan 2013 yilga qadar “Nurobod” gazetasida muharrir bo‘lib ishladi. Bu davrda aholi muammosi, taklif va murojaatlarini gazeta sahifalariga dadil olib chiqdi.
Garchi nafaqada bo‘lsa-da, keyingi paytlarda jurnalistikada orttirgan tajribasi bilan gazeta tahririyatiga borib, yoshlarga kasb sirlarini o‘rgatayotgan edi.
B.Mahmudov yaxshi yozuvchi ham edi. Ijodkorning “Muallimning mahorati” kitobi kitobxonlarning sevimli asariga aylangan.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati hamda Zarnews.uz sayti jamoasi marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Boyxo‘roz Mahmudovning porloq xotirasi qalbimizda abadiy saqlanadi.