Tajribali radio va matbuot faxriysi, yetuk jurnalist Mamadali Ergashev vafot etdi
M.Ergashev 1953 yil 25 iyulda Kattaqo‘rg‘on tumanining Quyravot qishlog‘ida tug‘ildi.
U ish faoliyatini 1975 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanining “Zarafshon” gazetasi tipografiyasi texnologi sifatida boshlagan. Keyinchalik Kattaqo‘rg‘on radiosida katta muharrir vazifalarida ishlagan.
Shuningdek, ko‘p yillar viloyat radiosi muxbiri, katta muharrir, mas’ul muharrir, O‘zbekiston radiosining Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari bo‘yicha muxbiri vazifalarida samarali mehnat qilgan.
Uzoq yil Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligining “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetasi muharriri sifatida ishlab, aholi muammosi, taklif va murojaatlarini gazeta sahifalariga dadil olib chiqdi.
Mamadali aka keyingi paytda Kattaqo‘rg‘on tumanining “Kattaqo‘rg‘on: kecha va bugun” gazetasi muxbiri vazifasida faoliyat ko‘rsatayotgan edi.
M.Ergashev yozuvchi va dramaturg ham edi. Ijodkorning “Haqiqat saboqlari”, “Saodat yo‘li”, “Do‘st bo‘lsang, yonimda bo‘l” kabi asarlari nashr qilingan. Uning “Nihollarni egmang” asari Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri, “Po‘kaklar” asari Namangan viloyat teatri sahnalarida namoyish etilgan. “Do‘st bo‘lsang, yonimda bo‘l” asari 2003 yilda “O‘zbekiston” televideniyesining “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvida sahnalashtirilgan. 1998 yilda o‘tkazilgan Buyuk muhaddis Imom Buxoriyning 1225 yilligi Respublika ijodiy tanlovida uning “Saodat yo‘li” asari ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati hamda Zarnews.uz sayti jamoasi marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi. Mamadali Ergashevning porloq xotirasi qalbimizda abadiy saqlanadi.