Viloyat hokimi yoshlarning murojaatlarini eshitdi
Adiz Boboyev Samarqand shahrida o‘ziga biriktirilgan, otaliqqa olingan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning muammolari, ularni qiynayotgan masalalar hamda kelgusidagi rejalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida yoshlar bandlik, ta’lim olish, tibbiy yordam, kasb-hunar o‘rganish va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarida murojaat yo‘lladi.
Jumladan, Natalya Kamolova “OK Taxi” MChJda operator bo‘lib ishlashini aytib, farzandi tarbiyasi bilan vaqtida shug‘ullanish va masofadan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lish uchun noutbuk so‘radi. Sabina Rajabboyeva jarrohlik operatsiyasi xarajatlarini qoplab berishni aytgan bo‘lsa, Ruslan Xarin yashash sharoiti og‘irligini bildirib, ishga borib-kelish uchun velosiped kerakligini ma’lum qildi. Shuningdek, ishga joylashish, til o‘rganish va o‘quv markazlarida tahsil olish masalalari bo‘yicha ham murojaatlar bildirildi.
Har bir murojaat tinglanib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli mas’ul tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Uchrashuv yakunida viloyat rahbari otaliqqa olingan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish muhim vazifa ekanini ta’kidladi.
– Har bir yoshning muammosi e’tibordan chetda qolmaydi. Ularning bandligi va ijtimoiy faolligini oshirish ishlari davom ettiriladi, – dedi A.Boboyev. – Ya’ni, yoshlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga jalb qilish, imtiyozli kredit va subsidiya imkoniyatlaridan samarali foydalanishini ta’minlash hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari doimiy ravishda diqqat-markazimizda bo‘lishi shart.