Bir asr avval Turkistonda 8 mingga yaqin maktab va madrasa faoliyat yuritgan
Bu o‘lkamiz aholisining savodxonlik darajasi yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi
Ilm – insonning dunyoqarashini kengaytiruvchi, unga mustaqil fikrlash, yangicha qaror qabul qilish va zamon talablariga mos yashash imkonini beruvchi asosiy mezon. Ilmli millat faqat ta’lim tizimidagi alohida yo‘nalishgina emas, balki davlatning iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy sohalarida ham hal qiluvchi omil hisoblanadi. Ayniqsa, bugungi globallashuv va axborot asrida bilimning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, raqamli iqtisodiyotda ishtirok etish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish uchun avvalo, ilmli avlod kerak shakllanishi kerak.
Ilmu irfon – qonimizga singan qadriyat
Xalqimiz nazdida azaldan ilmlilik, insonning eng go‘zal va e’zozli fazilatlaridan biri sifatida qadrlangan. Chunki bilim faqat o‘qish va yozish malakasi emas, balki ma’naviyat, zehn va jamiyat taraqqiyotining asosiy mezoni hisoblanadi. Shu bois yurtimiz tarixidagi ulug‘ mutafakkirlar, so‘z san’atkorlari va ma’rifat peshvolari savod masalasiga alohida urg‘u berishgan.
Jumladan, hazrat Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Lison ut-tayr” asarlarida til, ma’no va ma’rifatning chuqur ifodasi orqali ilm-ma’rifatning inson kamolotidagi ahamiyati yoritilgan. Munis Xorazmiyning asarlarida ham yosh avlodga savod o‘rgatishning ahamiyati, uning zamon va taraqqiyot uchun zarurligi ifoda etilgan. U o‘z davrining pedagog olimlaridan biri sifatida, bolalarning xat-savod chiqarishi va ilm o‘rganishini osonlashtirish maqsadida «Savodi ta’lim» asarini yozgan. Mazkur risolada o‘qish va yozishni tez hamda samarali o‘rganish, chiroyli xat yozish ko‘nikmalarini egallash, husnixatga oid masalalarga e’tibor qaratilgan. Asarda til, yozuv va husnixatning jamiyat hayotidagi o‘rni, ayniqsa, ma’naviy boylikni kelajak avlodga yetkazishdagi ahamiyati chuqur yoritib berilgan. Bu asarlar, umuman olganda, ajdodlarimizning asrlar davomidagi qarashlari va intilishlarini namoyon etadi. Shunday bo‘lsa-da, sobiq ittifoq davrida siyosiy qarashlarning noxolisligi hamda milliy kamsitish ruhidagi yondashuvlar asosida Turkiston o‘lkasi aholisining savodxonligi masalasida soxta va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xulosalar berilgan. Aslida, so‘nggi davrda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, 1913 yilda Turkiston o‘lkasida 7 ming 665 ta maktab va madrasa faoliyat yuritgan. Bu raqamlar, ayrim manbalarda qayd etilganidan farqli o‘laroq, o‘lkamiz aholisining savodxonlik darajasi ancha yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi.
Xalqaro tadqiqot platformalari ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda savodxonlik darajasi 100 foizni tashkil etmoqda. Hisobotda ta’kidlanishicha, umumjahon savodxonlik darajasiga erishishda O‘zbekiston hukumati hamda ta’lim sohasi xodimlarining muhim hissasi alohida e’tirof etilgan.
Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekistonda maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasiga ajratiladigan mablag‘lar 7 barobarga oshirildi. Bu o‘zgarishlar samarasi o‘laroq, xususiy sektor bilan hamkorlikda bog‘chalardagi o‘rinlar soni ikki yarim millionga yetdi va qamrov darajasi 78 foizgacha oshirildi. Ayni vaqtda mamlakatimizda 7 mingta davlat bog‘chasi va 32 minga yaqin xususiy bog‘cha faoliyat ko‘rsatmoqda. Haqiqatan, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori mamlakatimizda ta’lim va tarbiyaga ustuvor vazifa sifatida yondashilmoqda. Ta’lim tizimining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan mustahkam zanjir yaratildi. O‘tgan davr mobaynida maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqildi va tizim to‘liq transformatsiya qilindi. Bolaning bog‘chadan maktabni bitirishiga qadar bo‘lgan jarayonida milliy qadriyatlarimizga tayangan tarbiya, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga asoslangan ta’lim, yoshlarning qiziqishlari va iqtidoriga qarab seleksiya qilish bo‘yicha samarali tizim yaratildi.
Bu esa bolalarning izchil va bosqichma-bosqich ravnaq topishi, ularda ilk yoshdanoq mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, ta’lim sohasi vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatiga munosib baho berish hamda ijtimoiy maqomini oshirish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda. Jumladan, malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olyapti. Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshirilib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashtirildi. Bu orqali maktabgacha ta’lim tizimida mehnat qilayotgan pedagoglarning nufuzi yanada oshishi kutilmoqda. Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab direktorlari, ularning o‘rinbosarlari hamda bog‘cha mudiralarining ish haqi sezilarli tarzda ko‘tarilib, ularning maoshi 7–10 million so‘mdan oshdi.
Bunday chora-tadbirlar ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchi va tarbiyachilarning nufuzini yuksaltirish, yosh avlodning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashiga zamin yaratmoqda. Shu bilan birga, ta’lim muassasalarining innovatsion rivojlanishi, zamonaviy o‘quv dasturlari va pedagogik yondashuvlarni joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar shakllantirilmoqda. Bu yondashuv, birinchi navbatda, pedagog kadrlarning tajribasini oshirish, ta’lim sohasidagi eng ilg‘or metodika va innovatsiyalarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
Shuni ta’kidlash joizki, sohadagi keng qamrovli islohotlar kelajakda O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlanishini, sifat va raqobatbardoshligini oshirishni ta’minlaydi. Bu jarayon mamlakatimizda yosh avlodni tarbiyalash va inson kapitali salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ilmning ildizi – savodxonlik tushunchasi ham muayyan vaqt muvozanatida jamiyat taraqqiyotining ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, madaniy va ruhiy jarayonlari bilan uzviy bog‘liq holda o‘z ma’no-mohiyatini kengaytirib boraveradi. Shu nuqtai nazardan, bugun O‘zbekistonda yoshlar va kattalar o‘rtasida turli yo‘nalishlarda savodxonlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Xususan, moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish, tibbiy madaniyat va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, huquqiy savodxonlikni oshirish kabi masalalar jamiyat hayotida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Savodxonlikning bu yangi qirralari avvalo, zamon talabi va har bir fuqaroning rivojlanish yo‘lidagi bilim, balki to‘g‘ri qaror qabul qilish, imkoniyatlarni anglash va hayotda muvaffaqiyatga erishish garoviga aylanmoqda.
Muhimi, hozirgi global raqobat va tezkor o‘zgarishlar davrida savodxonlikning zamonaviy yo‘nalishlarini egallash insonning kelajak yo‘lidagi eng asosiy kapitali bo‘lib, jamiyat taraqqiyotining strategik omili sifatida namoyon bo‘layotir. Shu jihatdan, uning mohiyati shaxsning tanqidiy va kreativ fikrlay olishi, to‘g‘ri qaror qabul qilishi, axborotni saralab, undan samarali foydalanish qobiliyati bilan belgilanadi. Bunday kompetensiyalar har bir fuqaroga shaxsiy rivojlanish, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etish imkonini yaratish bilan birga, davlat va jamiyat uchun barqaror taraqqiyot, innovatsion salohiyat va global raqobatbardoshlikni ta’minlaydi. Shu ma’noda, savodxonlik masalasi yangi davrda ilmli va ma’rifatli avlodni voyaga yetkazish, millatning intellektual salohiyatini yuksaltirish va milliy taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda beqiyos ahamiyatga ega. Zotan, asrlar davomida yurtimizda sayqal topgan ilmlilik, ma’rifatlilik kelgusida ham Yangi O‘zbekistonning izchil taraqqiyotida va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashida muhim strategik omil sifatida namoyon bo‘laveradi.
Shuhrat NORMURODOV.