«Zarafshon» gazetasining jamoatchi muxbiri, mohir pedagog Fayzulla Ismoilov vafot etdi

Fayzulla aka 1948 yilda Jomboy tumanining Quduqli mahallasi Kulchabiy qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining geografiya fakultetida tahsil olgan.

Qo‘liga diplomni olgan yil – 1973 yildan pensiyaga chiqquniga qadar tumandagi 27- va 29-umumta’lim maktablarida ishladi. So‘ngra Jomboy qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida yoshlarga saboq berdi. Hayotini ilm-ziyoga bag‘ishladi va o‘ziga xos uslub yaratdi. Relefli xarita asosida dars o‘tish tashabbusini ilgari surib, bunday xaritaning birinchi nusxasini Jomboyda yasagan inson sifatida pedagogika tarixida qoldi.

Fayzulla Ismoilov iqtidorli rassom, publitsist, hajvchi, jahongashta sayyoh edi. Umri davomida mamlakatimiz va qo‘shni davlatlar bo‘ylab 30 dan ortiq ekspeditsiyalar uyushtirgan. U kishining 1990 yillarda “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida bosilgan “Ekvatorni kesib o‘tgan matros” maqolasi ancha yillar shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Fayzulla aka 1970 yillardan boshlab tuman, viloyat va respublika nashrlarining jamoatchi muxbiri sifatida faol ijod qildi. Ayniqsa, 1980-1990 yillarda “Lenin yo‘li”ga kichik xabar, chizgan rasmlaridan va tahliliy maqolalar jo‘natib turar, tahririyatda faoliyat yuritayotgan Iso Abdurahmonov, Aziz Yo‘ldoshev, Adham Hayitov kabi jurnalistlar bilan hamkorlikda ishlardi. So‘nggi yillarda nashr etilgan «Samarqand ijodkorlari», «Yuragimdasan, Jomboy», «Jomboy: kecha, bugun, ertaga» kitoblarining yaratilishiga munosib hissa qo‘shgandi.

Fayzulla Ismoilov mazmunli hayot kechirdi. Uning porloq xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.