Ma’rifatga baxshida umr
Beshafqat o‘lim umrini ta’lim-tarbiya sohasiga bag‘ishlagan tajribali rahbar, mohir pedagog, xalqparvar inson Ziyovuddinxon Ulug‘ovni oramizdan olib ketdi.
Z.Ulug‘ov 1958 yil 22 martda Tojikiston Respublikasi Leninobod viloyati Panjakent tumanida tug‘ilgan. O‘quvchilik kezlarida ta’lim-tarbiya bergan ustozlariga havas qilib, o‘qituvchi bo‘lishni orzu qiladi.
Maktabni tugatgach, 1981 yilda Samarqand davlat pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirdi. Institutni muvaffaqiyatli bitirib, yigirma yildan ortiq vaqt davomida Oqdaryo tumanidagi 32, 39-umumta’lim maktablariga rahbarlik qildi.
Fidoyi ustoz 2003 yildan buyon O‘zbekiston “Ma’rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari vazifasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Yurt taraqqiyoti, xalq manfaatini har narsadan ustun qo‘ygan jonkuyar rahbar xalq ta’limini rivojlantirish yo‘lida mehnat qildi. Uning hayot yo‘li ilm o‘rgatish, qo‘lidan kelgancha odamlarga yaxshilik qilish bilan o‘tdi. Ustoz umri davomida minglab shogirdlarni tarbiyaladi. Ularning hayot yo‘lini yo‘lchi yulduzdek yoritdi va mamlakat ravnaqi yo‘lida mehnat qiladigan insonlar bo‘lib yetishishiga hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi, mohir pedagog Z.Ulug‘ov bir necha bor Xalq ta’limi vazirligi, viloyat hokimligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.
Fidoyi ustoz, tajribali rahbar, sadoqatli do‘st, samimiy inson Z.Ulug‘ovning porloq xotirasi farzandlari, do‘stlari va shogirdlari qalbida mangu yashaydi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi,
O‘zbekiston “Ma’rifatparvarlar” jamiyati Samarqand viloyati bo‘limi jamoalari.