Taniqli davlat va jamoat arbobi Nazir Rajabov 84 yoshida olamdan o‘tdi
N.Rajabov 1987–1988 yillarda Samarqand viloyatiga rahbarlik qilgan edi.
1939 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan Nazir aka O‘rta Osiyo politexnika institutini muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida ishladi. 1975–1977 yillarda Buxoro viloyati partiya qo‘mitasi kotibi, 1978–1984 yillarda Qurilish vaziri sifatida samarali faoliyat olib bordi. 1984–1987 yillarda Namangan viloyatiga, 1987–1988 yillarda Samarqand viloyatiga rahbarlik qildi.
Samarqandda birinchi rahbar lavozimida ishlagan davrida N.Rajabov tashabbusi bilan viloyatda keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishildi. Shu bois samarqandliklar u kishi amalga oshirgan xayrli ishlarni alohida hurmat tilga olishadi. Dehqonlar, ayniqsa, oddiy kasb egalari, hatto o‘rta bo‘g‘in rahbarlari bilan til topishish, erkin suhbat qurish, ularning mulohazalarini eshitish, fikrlarini hisobga olish xislatlarini bugungi yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatishadi.
N.Rajabovning samimiyligi o‘sha davr odamlarida fidokorona ishlashga imkon yaratdi. Yig‘ilishlarda yangi kitoblar, san’at asarlari, gazeta yangiliklari haqida to‘lib-toshib gapirar, har bir samarqandlikni shunday faoliyat ko‘rsatishga undardi.
1988 yil «paxta ishi» avj olgan davrda N.Rajabov lavozimidan ozod etilib, hibsga olindi va umrining 9 oyini qamoqda o‘tkazdi. Tergov jarayonida unga qo‘yilgan ayblovlar tasdiqlanmagach, u kishiga tirkalgan jinoyat ishi tugatildi.
Xalqimizda "Dunyo yaxshi insonlarga suyanadi", degan gap bor. Ammo bu yaxshilar orasida ham Alloh nazar qilganlari, iqtidorli va noyob zakovat egalari mavjud. Qirq besh yoshidayoq viloyatning birinchi rahbari, mamlakat va respublika davlat mukofoti sohibi bo‘lgan Nazir Rajabov ana shunday mo‘’jizaviy xislatli insonlardan biri edi.
Nazir Rajabovning yorqin xotirasi samarqandliklar qalbida abadiy saqlanadi.
Samarqand viloyati hokimligi.