«Zarafshon» gazetasining jamoatchi muxbiri, shoir va mohir pedagog Abdurahmon Qodirov vafot etdi
A.Qodirov 1934 yilda Bulung‘ur tumanida tug‘ildi. Samarqand davlat pedagogika institutida tahsil olgach, ilk ish faoliyatini o‘qituvchilikdan boshladi.
1973 yilda Bulung‘ur tuman partiya komiteti yo‘llanmasi bilan tuman xalq ta’limi bo‘limiga mudir lavozimiga tayinlandi va 1997 yilga qadar shu lavozimda faoliyat olib bordi.
Nafaqaga chiqqanidan keyin ham ta’lim rivoji uchun o‘z tajribalarini yosh o‘qituvchilarga o‘rgatishni kanda qilmadi. Maktab, kollejlarda bo‘lib, muallimlarga pedagogikaning nozik sir-sinoatlarini uqtirishdan charchamadi.
Abdurahmon bobo umrining ellik yildan ziyodini ijod yo‘liga bag‘ishladi va shu vaqt davomida she’r va publitsistik maqolalar yozib, viloyatimiz va respublika adabiy muhitida e’tibor qozondi. El orasida so‘zi o‘tkir, fikri teran, jasoratli qalam sohibi, degan nom oldi. Bu fidoyi inson “Zarafshon” gazetasining haqiqiy jonkuyar jamoatchi muxbiri ham edi. 1970 yildan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining, 1991 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi edi.
A.Qodirovning hozirgi kunga qadar 18 ta she’riy kitobi bosmadan chiqib, allaqachon o‘quvchilar qalbidan joy egallagan. «Istiqlol qo‘shig‘i», «Tavallo», «Sog‘inib yashayman», «Ruhiyat», «Umr saboqlari», «Mohir bo‘lgin saharda» kabi she’riy kitoblari shular jumlasidandir.
Davlatimiz ham A.Qodirovning mehnatlarini munosib taqdirladi. Otaxon «Xalq ta’limi a’lochisi», «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligi», «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» va «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan edi.
El ardoqlagan inson, jurnalist, shoir va muallim Abdurahmon Qodirovning xotirasi qalbimizda abadiy saqlanadi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi.
“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari jamoasi.