Gaz, svet, yo‘l va... Andrea Bochelli
Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovning Samarqand viloyatining davlat idoralari hamkorligida turizm sohasiga daxldor vakillari bilan uchrashuvi oddiy yig‘inlardan farq qildi.
Avvaliga maishiy muammolar arzi bilan boshlangan qizg‘in savol- javoblar jiddiy turizm loyihalari takliflari bilan qo‘r oldi.
*Nega ovqatlanish shoxobchalari hech qanday ogohlantirishsiz gaz tarmog‘idan uzib qo‘yiladi?
*Shahrimizdagi gastronomik ko‘chada munosib faoliyat yuritishimiz uchun tadbirkorlarga alohida transformator o‘rnatishni iloji yo‘qmi, xarajatini o‘zimiz ko‘tarishga tayyormiz...
*Shahar ko‘chalaridagi tilanchi bolalar, lo‘li elatiga mansub aholining ziyorat hududlarida, sayyohlar ortidan yurishi ishimizga dog‘ tushirayapti.
Har bir masala bo‘yicha mutasaddilarning aniq javoblari bildirildi, ularni hal qilishda hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
-Bir necha kundan beri Samarqand viloyatining turizm salohiyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, yangidan yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha manzilli o‘rganishlar olib borildi, -dedi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov. - Ushbu o‘rganishlar natijasida bir nechta ob’yektlarning aniq loyihalari ishlab chiqildi. Loyihalar yanada mukammallashtirib, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur va qarorlar shaklida o‘z ijrosini topish uchun taklif kiritamiz. Xususan, Bulung‘urdagi Sheroz qal’ani Amir Temur davrini aks ettiruvchi ochiq tomoshagoh sifatida shakllantirish, Nurobodda mineral suv hududini kurort manzilga aylantirish va boshqa ko‘plab shunday manzillar loyiha shakliga keltirildi.
Uchrashuvda tadbirkorlar Samarqandda o‘tkazilgan mashhur Andrea Bochelli kabi dunyo tanigan yulduzlarning konsert berishi ortidan shaharga minglab sayyohlar kelganini, shunday dasturlar davomli bo‘lishini aytib o‘tishdi. Shuningdek, keyingi paytlarda rentkar tizimi yo‘lga qo‘yilgani tufayli ko‘plab sayohlar mashinalarni ijaraga olib, qo‘shni viloyatlar, dam olish hududlariga borish istagini bildirayotganini ta’kidlab o‘tishdi. Afsuski, viloyatlararo yo‘llarning talabga javob bermasligi, yo‘l bo‘ylarida oddiy ehtiyojlar uchun sharoitlar yo‘qligini aytib o‘tishdi.
Mutasaddilar bu fikrlarga o‘z munosabatini bildirib, bu takliflar albatta tegishli mas’ullar bilan muhokama etilishi bildirildi.
Gulruh Mo‘minova,
Fazliddin Ro‘ziboyev (foto).