Bulung‘urning baliqlari qayerda?

Bulung‘ur tumanida 24 ta baliqchilik xo‘jaligi bor va hisobotlarda ular har yili bozorlarimizga tonnalab baliq chiqarishmoqda. Ammo bozorda faqat boshqa joydan keltirilgan va narxi baland bo‘lgan baliq sotiladi. Unda Bulung‘urning baliqlari qaysi bozorlarda sotilyapti?

Masalan, tuman markaziy dehqon bozoridagi sotuvchilardan surishtirsam Haydarko‘l va Sirdaryodan olib kelgan baliqning kilogramini o‘rtacha 25-30 ming so‘mdan sotishmoqda. Narxning qimmatligi yo‘l haqi va boshqa xarajatlar bilan bog‘liq emish.

Uch yildan buyon baliqchilik bilan shug‘ullanadigan tanishim o‘tgan yili 8 tonna baliq yetishtirib, kilogramini 7,5-8 ming so‘mdan sotgan. Shundan kredit qarzlaridan to‘la qutulib, uyini zamon talablari asosida ta’mirladi. Yangi mashina oldi. To‘y qilib kelin tushirdi. Bularning hammasi, albatta baliqchilikning daromadi hisobidan bo‘ldi. Shu sabab oilasi tinch va farovon.

Endi bir savol tug‘iladi. Qolgan 23 ta baliqchilik fermer xo‘jaligi ham o‘rtacha 7-8 tonnadan baliq yetishtirgan bo‘lsa, nega o‘zimizning bozorlarimizda chetdan keltirilgan baliqlarning narxlari bu qadar  qimmat sotilmoqda? Faoliyat yuritib turgan paytda oshxonalarda pishirilgan baliqning kilogrami 70 ming so‘mga chiqqandi. Bu sohada mutasaddi, nazoratchilar yo‘qmi, har kim istagancha narx belgilayveradimi?

Rabbim HOTAMOV.